02:10 / 28.10.2018
3 743

Romitanlik san’atkorlar soliqqa tortishdagi adolatsizlikdan shikoyat qilishdi (video)

Romitanlik san’atkorlar soliqqa tortishdagi adolatsizlikdan shikoyat qilishdi (video)
26 oktyabr kuni Buxoro viloyati Romitan tumanidagi bir guruh san’atkorlar “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi hamda tuman davlat soliq inspeksiyasiga videomurojaat bilan chiqishdi.

Murojaatda ijodiy guruhdagi har bir xonanda, sozandalar alohida-alohida litsenziya olishga majburlanayotgani, ammo Toshkentdagi san’atkorlarning topish-tutishi viloyatdagi tuman-shaharlarnikidan keskin farq qilishi, shunga qaramay respublika miqyosidagi san’atkorlar bilan mahalliy san’atkorlarga birday soliq solinayotgani haqida so‘z boradi.

“Biz san’atkorlar xalqimizning yaxshi kunida xizmat qilib kelmoqdamiz. Lekin “O‘zbeknavo” (hozir bu tashkilot “O‘zbekkonsert” deb ataladi ) hamda tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qilinayotgan harakatlar bizni qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda. Tumanimiz san’atkorlari bugun bu borada o‘z e’tirozlarini bildirishmoqchi”, – deb boshlangan videomurojaat.

Bu holat yuzasidan “Turon24” AA muxbiri Buxoro viloyati Romitan tumani davlat soliq inspeksiyasi bilan bog‘landi. Inspeksiya boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, tumanda “O‘zbekkonsert” hamda tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qo‘shma reyd o‘tkazilgan. Reydda tumandagi san’atkorlarning ba’zilarida litsenziyasiz faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan. Litsenziyasi bor san’atkorlarning esa jamoasi tarkibidagi sozandalarning ko‘pchiligida bunday hujjat yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Bundan san’atkor va sozandalarning musiqiy asboblari olib qo‘yilgan. “Bu holat qonunan to‘g‘ri, chunki ularda ruxsatnoma yo‘q”, – deydi inspeksiya boshlig‘i.

Romitan tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Turon24 muxbirining “Bir guruh san’atkorlarning murojaatiga qanday javob berasiz?!” – degan savoliga: “Ular bu vaziyatda haq emas, chunki oldin tegishli ruxsatnomalarni olishlari lozim”, – deya javob bergan.

Bu vaziyat yuzasidan Turon24 muxbiri “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Dilmurod Xo‘jayev bilan bog‘langanda esa rahbar quyidagicha izoh bildirgan: “Romitanliklarning bunday talab bilan chiqishi to‘g‘ri. Boisi Romitan tumanida har bir guruh bitta xizmat uchun 400 ming so‘mdan 800ming so‘mgacha haq olishadi. Guruhda esa kamida 4 tadan vakil bo‘lib ularning har biri bugunga kelib alohida soliq to‘lashiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa ayni paytdagi daromadga qaralsa, imkoni yo‘q narsadir”.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasining Romitan tuman bo‘limi inspektori Bobur Norovning aytishicha, tumanda yaqin-yaqingacha 14 ta ijodiy guruh bo‘lgan. Sohadagi qiyinchiliklar tufayli 10 ta guruh qolgan, shundan ham hozir 9 tasigina faoliyat yuritmoqda. 10-guruh vakillari esa bojlarni to‘lolmaganlik sababli xorijga chiqib mehnat qilishga majbur bo‘lishmoqda. Bugungi kunda tuman san’atkorlarining soliqlarni to‘lash uchun imkoni yo‘q.

“Biz bu vaziyatni tushunamiz”, – deya tuman davlat soliq inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Murod Safoyev vaziyatga izoh bergan. – Ammo Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-sonli qaroriga asosan guruhning a’zolari barcha turdagi to‘lovlarni to‘lashi kerak. Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 yanvardagi 6-sonli qarorida ham bu ko‘rsatib o‘tilgan”.

Romitanlik san’atkorlarning videomurojaati
“Biz san’atkorlar xalqimizning yaxshi kunida xizmat qilib kelmoqdamiz. Lekin “O‘zbeknavo” (hozir bu tashkilot “O‘zbekkonsert” deb ataladi ) hamda tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qilinayotgan harakatlar bizni qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda. Tumanimiz san’atkorlari bugun bu borada o‘z e’tirozlarini bildirishmoqchi”, – deb boshlangan videomurojaat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Romitanlik san’atkorlar soliqqa tortishdagi adolatsizlikdan shikoyat qilishdi (video)