06:30 / 12.12.2018
2 895

"Bolalar Yevrovideniyesi" Polshada o‘tkaziladi

"Bolalar Yevrovideniyesi" Polshada o‘tkaziladi
"Bolalar Yevrovideniyesi" Xalqaro qo‘shiqlar tanlovi 2019 yili Polsha davlatida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda 10 dekabr kuni Polsha davlat televideniyesi direktori Yatsek Kurskiy xabar bergan.

"Polsha televideniyesi “Bolalar Yevrovideniyesi-2019” tanlovini tashkil etadi”, deb yozgan u o‘z "Twitter" sahifasida.

Shuningdek, Kurskiy polshaliklar bu tanlovning o‘tkazilishiga tashkiliy jihatdan tayyorligini bildirgan. U “Bolalar Yevrovideniyesi-2019” ko‘pchilikning yodida qolishini qayd etib, polshalik 13 yoshli xonanda Roksana Vengelning 2018 yil Minskda o‘tkazilgan ushbu tanlov g‘olibi bo‘lganini eslatdi.

Tanlov qoidasiga ko‘ra, qaysi mamlakat xonandasi yuqori o‘rinni egallasa, “Bolalar Yevrovideniyesi”ning navbatdagisi o‘z-o‘zidan o‘sha davlatda o‘tkaziladi.

”Bolalar Yevrovideniye”si – har yili tashkil etiladigan xalqaro qo‘shiqlar tanlovi bo‘lib, unda asosan Yevropa davlatlari vakillari qatnashadi. "Yevrovideniye”ning analogi sifatida tashkil etilgan mazkur tanlovda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishtirok etadi. Qo‘shiqchilik bo‘yicha bu bellashuvlar televideniye, radio orqali butun Yevropa hududlarida namoyish qilinadi. Shuningdek, ishtirokchilarning chiqishlari internet orqali ham berib boriladi.

Tanlovning asosiy shartiga ko‘ra, ijro etiladigan qo‘shiqlar yangi va ilgari hech joyda e’lon qilinmagan bo‘lishi kerak. 2 daqiqayu 30 soniyadan to 3 daqiqagacha vaqtda ijro etiladigan qo‘shiq jonli ijroda kuylanishi, fonogramma umuman ishlatilmasligi talab qilinadi. Asosiysi, qo‘shiq ijrochi yashaydigan davlat tilida yozilgan bo‘lishi kerak.

Bu tanlov birinchi marta 2003 yili Skandinaviyada o‘tkaziladigan "MGP Nordic" tanlovi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, 2006 yildan u bellashuvda qaysi mamlakat vakili g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, o‘sha davlatda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Madaniyat » "Bolalar Yevrovideniyesi" Polshada o‘tkaziladi