Iste’dodli xonanda sifatida el nazariga tushib, o‘z muxlislarini topishga ulgurgan Ruxshona navbatdagi mehmonimiz. Xonandaning xorij tillaridagi qo‘shiqlarini sevib eshitadigan san’at shinavandalari, filmlardagi ijrolarini qoldirmay ko‘radigan kino ixlosmandlari ham talaygina. Farzandlar tarbiyasidan ortinib, ijodda ham faol bo‘lishga intilayotgan Ruxshona bilan Yangi yil bayrami arafasida suhbatlashdik.
— Ruxshona, poyoniga yetib borayotgan 2018 yil nimasi bilan esda qolarli bo‘ldi?
— Yakunlanayotgan yildan behad roziman va o‘tgan har bir kunimga cheksiz shukronalar aytaman. Bu yil ham farzandlarim tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishdan tashqari, ozmi-ko‘pmi ijod namunalari yaratishga erishdim. Dekabr oyi boshida premera qilingan «Yurakkinam» nomli qo‘shig‘imning klipi omadli chiqib, ijodimga befarq bo‘lmagan insonlarga ma’qul kelganidan shodman. Mazkur tarona ijodiy faoliyatimda ham alohida ahamiyat kasb etdi.
Shuningdek, qizim Habiba bog‘chaga borishni boshladi. Uning qiziqishlari, o‘rganayotgan turli mashg‘ulotlarining natijasi bizni ruhlantiryapti. Xullas, xursandchilik kunlar, quvonchli voqealar ko‘p bo‘ldi. Kelgusi yilda bunday onlar har birimizning hayotimiz va ish faoliyatimizda yanada ko‘proq bo‘lishini tilab qolaman.
— Odatda, bayram kuni mehmondorchilikka borishni xush ko‘rasizmi yoki mehmon kutib, mezbonlik vazifasini bajarishni?
— Yoshligimdan uyimizga mehmonlar kelsa, juda sevinaman. Odamlar davrasida bo‘lish, ular bilan gurunglashish jonu dilim. Yangi yil kuniga o‘tar onlarda ham mehmon kutishni yoqtiraman. Shu sababli oldindan bayram dasturxoni menyusini tuzib qo‘yib, unga puxta tayyorgarlik ko‘raman. 31 dekabr tongidan pishir-kuydir jarayoniga kirishaman. Internet orqali milliy va Yevropa taomlari retseptlari bilan yaqindan tanishib, bayram kuni oilamiz a’zolariga eng saralarini tayyorlayman.
— Tadbir yoki xizmatda bo‘lib, Yangi yilni uyingizda kutib ololmagan paytingiz ham bo‘lganmi?
— San’at olamiga kirib kelib, ijod qilayotgan davrimdan boshlab, har yili bayram kuni uzog‘i bilan soat 22:00 ga uyga yetib kelishga harakat qilaman. Uyga keliboq salat va taomlar hozirlagunimcha ikki soat ham tezda o‘tib ketadi.
— Yuqorida nomi zikr etilgan «Yurakkinam» klipida turmush o‘rtog‘ingiz bilan birga rol o‘ynash fikri kimdan chiqdi?
— Aslida, bu qo‘shiqni bir yil oldin yaratganmiz. Klip g‘oyasi ustida ishlash uchun ham ancha vaqt ketdi. Rejissyor Maqsud Vasati oilaviy qadrdonimiz va o‘z ishining professionali bo‘lganligi tufayli Sanjar akam klipni unga ishonib topshirdi. Rollarni ijro etish borasida bir nechta taniqli yosh aktyorlar bilan hamkorlik qilmoqchi ham bo‘ldik. Biroq rejissyor turmush o‘rtog‘im ikkimiz partnyor bo‘lsak, klip ishonarli va omadli chiqishini ta’kidladi. Biz ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, rozilik berdik.
— Haqiqatan, klip syujeti ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tiborini jalb qildi va ko‘pchilik iliq fikrlar qoldiryapti. Biroq qo‘shiq naqorati oxiridagi so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qilgansiz, ya’ni so‘nggi bo‘g‘inga urg‘u berib, cho‘zib aytganingiz ko‘pchilik qatori bizga ham g‘alati tuyuldi…
— So‘zlarni bastakorning taklifi bilan atay shunday boshqacharoq usulda kuylaganman. Tinglovchilarning yodida qolishi, ularning e’tiborini tortish uchun ham shu tanlovda to‘xtalganmiz. E’tiroz va tanqidlar bo‘lishini oldindan bilganmiz va hammasini eshitib kelyapmiz. Mana, siz ham befarq bo‘lmabsiz. Demak, bu bizning yutug‘imiz!
— Bir necha yildan buyon «Bola tilidan» ko‘rsatuvi orqali boshlovchilik qobiliyatingizni ham namoyon etyapsiz. Loyiha muallifi o‘zingizmi?
— Dastur g‘oyasi turmush o‘rtog‘im ikkimizga tegishli. Oilaviy ko‘rsatuvimiz, desam ham bo‘laveradi. Xo‘jayinim bolalar bilan til topisha olishimni bilgani bois ko‘rsatuvni olib borishni o‘zimga topshirdi. Ular esa mazkur loyiha rejissyori. Turmush o‘rtog‘im bilan ishlash menga judayam qulay va oson. Sanjar akam xato va kamchiliklarimni dangal yuzimga aytib, bartaraf etishga ko‘maklashadi.
— Bolalar bilan ishlash juda qiyin. Xo‘sh, loyiha davomida Ruxshona qanday qiyinchiliklarga duch kelib, ularni yengishga intilyapti?
— Rostdan, bolalar tilini topib, ular ko‘ngliga kirib borish kishidan katta mehnat talab etarkan. Ushbu loyiha efir yuzini ko‘rayotganiga uch yil bo‘lsa-da, har bir soni ustida ishlash paytida o‘zimga ham kerakli xulosalarni olaman. Boshida shevada gapirganim jamoadagilarga ma’qul kelmagan va yillar davomida o‘z ustimda ishlab, shu kamchiligimni yo‘qotishga erishdik.
Bola psixologiyasini sinchiklab o‘rgansangiz, kichkintoylar bilan tez chiqishib ketarkansiz. Kastingda yuzlab o‘g‘il-qizlar orasidan talablarimizga munosiblarini saralab olish ham qiyin kechadi. O‘sha jarayonda ham o‘z taktikangizni ishga solib, har bir bola bilan suhbatda alohida yondashsangiz, mashaqqatlar sezilmas ekan. Butun ijodiy guruhimizning urinishlari besamar ketmay, dastur o‘z tomoshabinlarini topayotgani kuchimizga kuch qo‘shmoqda.
— Ayni damda bir qiz va bir o‘g‘ilning onasisiz. Ulardan ortib ijodga vaqt qanday topyapsiz?
— Farzandli bo‘lganimdan keyin bor e’tiborimni dilbandlarimning parvarishiga qaratyapman. Negaki ular hali juda kichkina. Qizim Habiba uch yoshdan o‘tdi, o‘g‘lim Shukurbek esa ikki yoshga to‘ldi. Xuddi egizaklardek ulg‘ayishyapti.
Ular tarbiyasidan ortinib, ijodiy yangiliklar yaratishda qaynonam va onamning yordamlarini alohida e’tirof etishim joiz. Turmush o‘rtog‘im ham farzandlarimizga juda mehribon va e’tiborli. Habibani bog‘chaga har kuni o‘zi olib borib, olib keladi.
— Ijtimoiy tarmoqlarda juda faolsiz. Muxlislaringizning savollariga javob berib borishingizga qoyil qolish kerak. Aksariyat hamkasblaringiz san’atkor va muxlis o‘rtasida masofa bo‘lishi lozim, deyishadi. Sizning bunga munosabatingiz qanday?
— Nazarimda, ijodkor muxlislari bilan xuddi do‘stdek munosabatda bo‘lishi kerak. Muxlislar yoqtirgan san’atkori haqida ko‘p narsalarni bilgisi keladi, uning ijodiga qiziqadi. Shuning uchun ijodimga befarq bo‘lmagan insonlarning eng muhim bo‘lgan savollariga imkon qadar javob berishga harakat qilaman.
Shu bilan birga ba’zi ayol muxlislarimiz yaqinlariga aytolmagan sirlarini men bilan o‘rtoqlashib, maslahat berishimni, sirlashishimni istashadi. O‘shanda ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, dalda bo‘lishga urinaman. Biz muxlislar, xalq uchun ijod qilamiz va ular bilan yaqin aloqa o‘rnatishimiz zarur, deb o‘ylayman.
— Alibobo bilan kuylagan «Rumbaka» duetingiz so‘zlariga nisbatan e’tirozlar bildirildi. Bu sizni ranjitmadimi?
— To‘g‘ri, «San’atga nega yengil qarayapsizlar?» qabilidagi fikrlarni eshitdim. Biroq bizning maqsadimiz qo‘shiq orqali jamiyatimizdagi ayrim muammolarni ko‘rsatish edi. Ochig‘ini aytsam, qo‘shiq atay yengilroq yozilgan. Tanqidlardan xafa bo‘lmadim, aksincha, o‘zimga kerakli xulosalarni chiqarib oldim.
— Konsert berishingizni ko‘plab muxlislaringiz intizorlik bilan kutishayotgani, shubhasiz…
— Bu haqda o‘zimga ham ko‘p savol berishadi. Hali biroz vaqt bor, deb o‘ylayman. Oldin muxlislar ko‘nglidan chuqur joy oladigan qo‘shiqlarim sonini ko‘paytirgach, so‘ng konsertga jiddiy tayyorlanaman.
Konsert beraman desam-da, zalni to‘ldirolmay, o‘zimning ham, tomoshabinlarning ham kayfiyatini tushirishni istamayman. Yaxshisi, barchasi o‘z vaqti-soati bilan amalga oshgani ma’qul. Balki, kirib kelayotgan Yangi yilda ijodimni boshlaganimning o‘n yilligi munosabati bilan konsert tuhfa etarman. Buni esa vaqt ko‘rsatadi.
— Turmushga chiqqach, nega kinolarda ko‘rinmay qo‘ydingiz?
— (kuladi) Bu ham ko‘pchilikni qiziqtirayotgan holat. Bilasizmi, oilali bo‘lmasimdan avval yoshligimga boribmi yoki karera uchunmi, ketma-ket filmlarda rol ijro etganman. Lekin turmushga chiqqach haqiqatan kinolarda suratga tushmayapman. Sababi, taklif etilayotgan ssenariylar yoqib qolganida rol yoqmaydi, rol ma’qul kelganida esa ssenariy manzur bo‘lmayapti. Bu borada turmush o‘rtog‘im yaqin maslahatchim bo‘lganligi uchun ham hali rozilik darajasigacha yetib borganim yo‘q.
— Samimiy suhbat uchun tashakkur. Yangi yilda barcha o‘ylagan orzu-maqsadlaringiz ro‘yobini ko‘ring!
— Sizlarga ham rahmat. 2019 yil barcha yurtdoshlarimizga omadli kelsin!
Mirolim ISAJONOV suhbatlashdi.
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi