23:28 / 02.05.2020
3 869

O‘zbekiston Xalq hofizi Maxmudjon Tojiboyevdan jonli ijroda ajoyib ashulani tinglang

O‘zbekiston Xalq hofizi Maxmudjon Tojiboyevdan jonli ijroda ajoyib ashulani tinglang
Zamin.uz saytining doimiy o‘quvchilari hozirgi karantin paytida vaqtlarini maroqli o‘tkazishlari uchun yangi loyihaga qo‘l urdik. Bugundan boshlab saytimizning Youtube'dagi www.youtube.com/zaminmusic kanali orqali yurtimizning sevimli hofizi, ustoz san’atkor - O‘zbekiston Xalq hofizi Maxmudjon Tojiboyev ijrosida jonli tarzda kuylangan ashulalarni taqdim etib borishni niyat qildik.
O‘ylaymizki, ushbu maroqli ashulalar Siz azizlarga manzur bo‘ladi. Bugun Maxmudjon Tojiboyev ijrosidagi Mashrab g‘azali bilan "Holi parishonim mening" ashulasini tinglang:

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Xalq hofizi Maxmudjon Tojiboyev 1957 yilning 25 noyabrda Farg‘ona viloyati, Quva tumanida tavallud topgan. Ona tomonidan bobosi Davronboy Karimov el-yurt o‘rtasida ancha yuqori mavqega ega bo‘lgan hofiz edi. Ana shu nasliy meros tufayli bo‘lsa kerak Maxmudjon Tojiboyevga yaxshi musiqiy qobiliyat ato etilgan.

U birinchi musiqiy ta’limni hali juda yoshligidan boshlab o‘z mahallasidagi mohir sozanda va hofiz Egamberdi Mamatovdan o‘rgandi. O‘z navbatida Egamberdi aka Davronboy hofizning shogirdi edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak u Maxmudjonga o‘zgacha mehr bilan munosabatda bo‘ldi.

Qishloqdagi 25-chi o‘rta maktabni tamomlagach, Maxmudjon Toshkentga yo‘l oldi. Dastlab o‘sha paytdagi Madaniy-oqartuv texnikumini tamomlab, so‘ng Toshkent Davlat Konservatoriyasiga o‘qishga kirdi. Bu dargohning “Sharq musiqasi” kafedrasida yetuk maqom ustozlari Orif Alimaxsumov, Turg‘un Alimatov va Fattoxon Mamadaliyevlardan maqomot sirlarini o‘rgandi.

O‘qib yurgan davrlarida 1983 yilda bo‘lib o‘tgan Yunus Rajabiy nomidagi xalqaro maqom tanlovining xonandalik yo‘nalishi bo‘yicha mutloq g‘olibi deb topilib “I daraja”li laureat diplomi bilan taqdirlandi. O‘qishni tugallab, O‘zbekiston radiosi qoshidagi maqomchilar ansambliga ishga taklif etildi. Bu yerda M.Tojiboyev zamonasining yetuk maqomchi ustozlari O.Otaxonov, O.Xotamov, B.Davidova, K.Ismoilova, E.Lutfullayevlar birga ishlab ulardan mvqom ijrochiligi sirlarini qunt bilan o‘rgandi va butun shashmaqom asarlarini magnit tasmalariga yozilishida faol ishtirok etdi.

Yakkaxon holda ikki yuzdan ortiq maqom va xalq ashulalarini radio oltin fondiga muhrlashga muvaffaq bo‘ldi. 2000 yilda uning xizmatlari O‘zbekiston hukumati tomonidan taqdirlanib “O‘zbekiston Respublikasi Xalq hofizi” faxriy unvoni berildi. Shundan so‘ng M.Tojiboyev O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasida ustozlik faoliyatini boshladi. 2009 yili professor unvoniga sazovor bo‘ldi. Shu davr ichida u yuzdan ortiq shogirdlarni tarbiyalab yetishtirdi.

Ular orasida elga taniqli J.Otajonov, G.Mamazoitova, S.Mamadaliyev, O‘.Olloberganov, F.Ashuraliyev, E.Axmedov kabilar bor. O‘zbekiston rahbari tomonidan M.Tojiboyevning xizmatlari 2018 yilda “Mehnat Shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Hozirgi paytda M.Tojiboyev O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi “Maqom” fakultetida dars berish bilan birga Prezident qarori bilan tashkil etilgan “O‘zbek Milliy maqom markazi” direksiyasida “ustoz-shogird” bo‘limini boshqarib kelmoqda. M.Tojiboyev o‘z faoliyati davomida dunyoning 40dan ziyod davlatlarida bo‘lib o‘zbek milliy musiqasini dunyoga tanitishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘zbekiston Xalq hofizi Maxmudjon Tojiboyevdan jonli ijroda ajoyib ashulani tinglang