2 455
«Baxshichilik san’ati» YUNЕSKOning insoniyat nomoddiy madaniyati merosi ro‘yxatiga kiritildi
Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi (NMMMHQ) XVI sessiyasi doirasida «Baxshichilik san’ati» O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu element bo‘yicha nominatsion paket prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonning YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi tomonidan tayyorlanib, 2020 yilda NMMMHQga taqdim etilgan. Ikki yil davomida YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya va O‘zbekistonning Parijdagi doimiy delegatsiyasi qo‘mitaga a’zo davlatlar, Baholash komissiyasi va YUNЕSKO Kotibiyati bilan hamkorlikda mazkur elementni targ‘ib qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
Sessiya doirasida bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekistonning YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan «Baxshichilik san’ati» nominatsiyasining taqdimoti o‘tkazilgan. Tadbir ishtirokchilariga ushbu san’at turini asrab-avaylash hamda milliy va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilgan.
Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
2019 yil aprel oyida Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan «Jahon sivilizatsiyasida baxshichilik san’atining tutgan o‘rni» mavzusidagi anjumanning muhim xulosalari, baxshichilikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar, shuningdek, ushbu san’at turini kelajak avlodga munosib yetkazish maqsadida ixtisoslashtirilgan kollej va oliy o‘quv yurtlarida yosh baxshilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari ham muhokama markazida bo‘lgan.
Qo‘mitaga nominatsiyani taqdim etgan Baholash komissiyasi raisi L.Volanskaning ta’kidlanishicha, «Baxshichilik san’ati» o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining noyob tarixiy-madaniy merosi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu san’at vatanparvarlik, mehr-muhabbat, do‘stlik va hamjihatlikka chaqiruvchi dostonlar,xalq ijodiyoti namunalari, rivoyat va afsonalar asosida yaratilgan. «Ko‘plab etnik guruhlarga tegishli bo‘lgan elementning ijodiy xususiyati ijodkorlik va madaniy xilma-xillikka bo‘lgan hurma-ehtiromni ta’minlaydi», — deydi u. Qayd etilishicha, mazkur element bo‘yicha nominatsiyalar paketi elementni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezon va talablarga javob beradi.
Tadbirda O‘zbekiston hududida baxshichilikning rivojlanish tarixini aks ettiruvchi maxsus videorolik namoyish etilgan. NMMMHQ ushbu elementni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritishni akklamatsiya (keng konsensus) yo‘li bilan hech qanday debatlar va ovozga qo‘yishlarsiz ma’qullagan.
Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
Baholash komissiyasi vakillarining fikricha, baxshichilik san’ati noyob tarixiy-madaniy meros bo‘lib, nominatsiyalar to‘plami ushbu milliy elementni Nomoddiy madaniy merosning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga javob beradi. Qabul qilingan qaror YUNЕSKO ko‘magida baxshichilik san’atini asrab-avaylash, ko‘paytirish va targ‘ib qilish chora-tadbirlarini milliy va xalqaro miqyosda yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, «Baxshichilik san’ati» O‘zbekiston tomonidan Reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan nomoddiy madaniy merosning oltinchi elementi bo‘ldi. Bunga qadar ushbu ro‘yxatdan «Boysun tumani madaniy makoni» (2008), «Katta ashula» (2009), «Askiya» (2014), «Palov madaniyati va an’analari» (2016) va «Lazgi» (2019) o‘rin olgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan hammualliflikda «Shashmaqom» (2008), «Navro‘z» (2016) va «Miniatyura san’ati» (2020) nominatsiyalarini ilgari surishda ishtirok etgan.
Kelgusi yillarda «O‘zbekiston kulolchilik maktabi» milliy elementlari, shuningdek, boshqa davlatlar bilan «Hunarmandchilikning an’anaviy uslubi» va «Rubob chalish», «Markaziy Osiyoda an’anaviy kashtachilik uslubi», «Xo‘ja Nasriddin qissalarini aytish an’anasi» kabi ko‘p millatli nominatsiyalarni NMMMHQ muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar