Siz sevgan va tanigan mashhurlarimizning Yangi yil bayrami xotiralari, 2021 yil saboqlari va 2022 yil uchun rejalarini bilib oldik.
Biz har soniya, har daqiqa o‘tgan onimizni sarhisob qilamiz. Yangi yilni qarshilash arafasida esa bu jarayon yana ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, xalqimiz sevgan va ardoqlagan taniqlilarimiz o‘tgan yil sarhisobida nimalarga erishgan-u, Yangi yil uchun qanday rejalar qilmoqda?
“YODIMDA QOLGAN VOQЕA...”
Samandar HAMROQULOV, xonanda:
— Bolalik xotiralarimda Yangi yil bayrami bilan bog‘liq ajoyib voqea saqlanib qolgan. Bayram oldi xolalarimiz biznikiga mehmonga kelishgan edi. Popga — uylariga qaytib ketish oldidan esa ular bilan ketaman, deb xarxasha qilganman. Biz doim uyimizda Yangi yil bayrami oldi archa yasatardik, tort kesardik, xullas, boshqacha tarzda bu bayramni kutardik-da. Xolamning uyida esa kechki ovqatga somsa yeb, kechqurun yotib, uxlaganmiz (kuladi)! Men esa “Iya, Yangi yil kutmaymizmi, televizorni yoqinglar” degancha qolaverganman!
2021 yil shaxsan men uchun izlanish yili bo‘ldi. Vatanimiz uchun esa haqiqiy qurilish yili bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman. Bundan tashqari, faqat bitta kasbda faoliyat olib borganlar ham o‘zlarini boshqa ishlarda sinab ko‘rishga ulgurishdi. San’at vakili bo‘lganimiz uchun faqat san’atkorlar orasida vafot etgan insonlarni gapirishimiz mumkin. Lekin oddiy odamlar ichida ham yo‘qotishlar kam bo‘lmadi.
Ijod borasida esa shoumenlik faoliyatimga yana ko‘proq urg‘u berdim. Men uchun birinchi o‘rinda baribir shu yo‘l yaqinroq ekan. Qolaversa, televideniya sohasida ham yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yyapmiz.
2022 yildan yaxshi natijalar kutyapman. Qalbimizning bir chetida turli kemtiklar bor, o‘sha joylarni Parvardigorning o‘zi to‘ldirishidan umidimizni uzmaymiz. Eng muhimi, bizdan qoladigan ijod mahsuli saviyali bo‘lishiga harakat qilishimiz kerak. Yoshlardan ham shuni so‘rardimki, vaqt o‘tishi bilan yodda qoladigan, foydali kontentlarni yaratishsin. Axir hozir blogerlar zamoni bo‘lib qoldi-ku. Vaqtinchalik kulgu ulashadigan, saviyasiz narsalardan uzoq turib, chin ma’noda o‘zlarini ko‘rsatishlarini istardim.
“YANGI YIL KIRISHIGA SANOQLI SONIYALAR QOLGANIDA...”
SARVARA, xonanda:
— Hech qachon esimdan chiqmaydigan Yangi yilga oid xotiram bor. Talaba paytimda Qorqiz obrazida yaqinlarimni tabriklab yurgan edim. Yangi yil kirishiga sanoqli daqiqalar qolganida esa bizning mashinamiz buzilib qolgan. Va Sa’dulla Abdullayev bilan birgalikda yo‘lda Yangi yil bayramini kutib olgan edik. Yangi yilni qayerda kutib olishdan qat’iy nazar hamma yurtdoshlarimizga yangi yil, yangi imkoniyatlar eshigini ochishini tilab qolaman.
“BO‘YIM BALAND BO‘LGANI UCHUN...”
Bobur BOBOMURODOV, shoir:
— Mening Yangi yil bayrami bilan yaxshi xotiralarim ko‘p. Bo‘yim baland bo‘lgani uchunmi, doim Qorbobo bo‘lib yaqinlarimga sovg‘a ulashardim. Ko‘chada, mahallada, qarindoshlar orasida ham hadyalar tarqatib yurardim. Haligacha bu odatim yoqolmagan, desam ham bo‘ladi!
Bir narsaga juda hayron qoldim: 2021 yil juda tez o‘tib ketdi. Haqiqiy ijodga o‘tira olmadim. Ehtimol, tadbirlarda ko‘p bo‘ldim, viloyatma-viloyat yurdim, shu sababmikan, ish stolimga o‘tira olmadim. Xudo xohlasa 2022 yildan umidim bor. Mening bolalar oldida qarzim bor aslida. Aynan bolalar adabiyotiga bag‘ishlab kitob yozish rejamda turibdi. Qolaversa, yangi loyiha ham boshlaganmiz: “Sherbek va Kumush”. Bu ikki, yosh san’atkor uka-singlimizga homiylik, ustozlik qilyapmiz. Ulardan umidim katta. Eng muhimi xalqimiz tinch. Barchamiz “qatorimizdan xato bo‘lmasin” deb niyatlar qilyapmiz.
Hamma ijodkorlar ijodni sog‘ingan. Dunyoga ta’sir qilgan pandemiyadan tezroq qutulib, yaxshi kunlarda asarlar yaratish nasib etsin. 2022 yil ijod yili bo‘lishini istayman!
“XOTIRAMDA MUHRLANIB QOLDI...”
Bahodir JALOLOV, Boks bo‘yicha olimpiada va jahon chempioni:
— Umuman olganda har yil men uchun yaxshi yakunlangan. Lekin 2021 yil men uchun unutilmas yil bo‘lib muhrlanib qoldi. Allohimga behisob shukr, bu yil sportchilar oldiga qo‘yadigan eng buyuk maqsad – Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritdim. Qolaversa, yil so‘ngida professional boksda ham tajribali bokschi ustidan g‘alaba qozondim. Bu orqali jahondagi reytingimni ko‘tarib oldim. Bu ham men uchun juda yaxshi tajriba bo‘ldi. Shu o‘rinda meni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga ham o‘z rahmatimni aytmoqchiman.
Yurtdoshlarimizga tilaklarim judayam ko‘p. Barchaning uyidan sihat-salomatlik arimasin. Oilalar tinch bo‘lsin. Eng muhimi, yurtimiz tinch va osmonimiz musaffo bo‘lsin. Hammaning uyida to‘ylar bo‘lsin. Barchangizni Yangi yil ayyomi bilan chin ko‘ngildan tabriklayman.
“MO‘’JIZALARGA ISHONAMAN, AMMO...”
Tolibjon ISROILOV, suxandon:
— Men doim mo‘’jizalarga ishonib yashashni istaydigan odamman. Albatta Yangi yil bayrami mo‘’jiza emasligini bilaman. Lekin, insonning ichida umid yonaverarkan. Farzandlarim katta bo‘lib qolgani uchun archa, uy bezatib, bayramga alohida urg‘u bermaymiz, to‘g‘risi. Biroq yilni eson-omon yakunlaganimiz sabab, oila davrasida, yeb-ichib o‘tirishning gashti o‘zgacha-da!
2022 yil dunyo bo‘yicha yaxshi yil bo‘lsin. Eng muhimi, 2020-2021-yillar singari butun dunyoni ovorayu-sarson qiladigan kasalliklarni boshqa ko‘rmaylik. Yoshlarga oila baxti, yoshi ulug‘larga saxiylik, bag‘ri kenglik nasib etsin. 2022 yil baxtlar yili bo‘lsin, har bir inson hayotida ezgulik hamroh bo‘lsin! Qolaversa, “Darakchi” jamoasini ham alohida tabriklayman. Hali internet tarmoqlari avj olmagan paytlar, yoshligimizdan biz bu gazetani sevib o‘qirdik. Har hafta o‘zimiz haqimizda chop etilgan maqolalarni zavq bilan o‘qib borardik! Kelayotgan yil mana shunday zavq-shavqlarga to‘la bo‘lishini istardim!
“BOLALARGA SHART QO‘YDIM VA...”
Yulduz TURDIYEVA, xonanda:
— Ochig‘ini aytsam, 2021 yil menda shu qadar ijod yili bo‘ldiki, hatto o‘zimga ham vaqt ajrata olmadim. Biz ham el qatori kasalliklar bilan ko‘p uyda o‘tirib qoldik. Shunga qaramay, doim ijod qildik, yangi ijrolar ustida izlandik. Bizni sog‘ingan muhlislarimizga online konsert dasturlarini ham taqdim etdik. Xalq xizmatidan, tadbirlardan ham hech bo‘shaganimiz yo‘q. Kimga qanday bilmayman-u, biroq aynan men uchun o‘tgan yil hech og‘ir o‘tmadi. Hatto uyda o‘tirgan vaqtimizda ham farzandlarimga ham vaqt ajratish imkoniga ega bo‘ldim.
Bu bayram bilan bog‘liq xotiralarimda Yangi yil kirib kelishidan bir oy oldindanoq uylarni bezashni boshlashimni aytishim mumkin. Yangi yil — bolalar bayrami, desak ham xato bo‘lmaydi. Ota-onalarimiz bizga qanday go‘zallik yaratib berishgan bo‘lsa, biz ham bolalarimizga albatta bayram kayfiyatini ulashishimiz kerak. Masalan, men bolalarning kayfiyati uchun har yili yangi archa sotib olaman. Bundan tashqari, har yili bu bayramda bolalarimga sovg‘alar ulashishni ham kanda qilmayman. Bu yil ularga yaxshi o‘qishlari sharti bilan baraban va gitara hadya qilishga va’da berganman. Istardimki, har bir ota-ona bu bayramda bayram shukuhi va iforidan bahra olsin.
“NAFAQAT MЕNGA, BALKI...”
Aziz RAJABIY, xonanda:
— Hayotda yuqoriga ko‘tarilish va pastlashlar bo‘lib turadi. Aynan pandemiya, ya’ni 2020 va 2021 yillar bizga hayotga boshqa ko‘z bilan qarashni o‘rgatdi. 2019 yil farzandli bo‘lganim bois men uchun aynan shu farzandim bilan vaqt o‘tkazishimga sharoit yaratildi. Axir qirq olti yoshimda yana bir bor ota bo‘lish – bu juda quvonchli-ku. Qolaversa, o‘tgan yil men va onam koronavirus kasalligiga yo‘liqqanimiz uchun irodamiz sinaldi. 2021 yil menga “inson eng muhimi sog‘lom bo‘lsa bas, qolgan narsalar topilaveradi” degan narsani o‘rgatdi. Menimcha, nafaqat menga, barchaga o‘tgan yil dars bo‘la oldi.
2022 yildan ham faqat yaxshi narsalar kutyapmiz. Menda shunday odat borki, hali bo‘lmagan ishni gapirmayman. Avvallari ham intervyularimda rejalarim haqida aytib yuborardim, keyin o‘sha ish o‘xshamas edi. Shu tufayli ham kutayotgan niyatlarim, xayolimdagi rejalar haqida hali gapirishni istamayman. Yaratganga shukr, o‘ylaganlarimiz asta-sekinlik bilan amalga oshib boryapti.
“KATTA ORZULARIMDAN BIRIGA ERISHDIM”
Akbar JO‘RAYEV, Og‘ir atletika bo‘yicha olimpiada va jahon chempioni:
— 2021 yil men uchun ham oilamiz uchun ham juda omadli yakunlandi. Sababi aynan shu yilning o‘zida eng katta orzularimdan biri bo‘lgan Olimpiada chempioni maqomiga erishdim. Hech bir sportchi yo‘qki, olimpiada chempionligini orzu qilmagan bo‘lsa. Qolaversa, yaqindagina kattalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldim. Nazarimda sportchi uchun bundan ortiq quvonchli onlar bo‘lmasa kerak.
Oldinda rejalar ko‘p, Xudo xohlasa hali ko‘p bora chempion bo‘lmoqchiman. 2022 yil esa rekordlar ustida ishlashni ham reja qilyapman. Fursatdan foydalanib, Yangi yil ayyomi va 2022 yil bilan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etaman. Bu yil har bir oilada quvonchu shodliklar yili bo‘lib kelsin.
Bayram shukuhi uyingizni yil davomida tark etmasin. Bizning ijodiy jamoamiz ham sizlarni chin qalbdan qutlaydi. Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Mohigul DIYORXO‘JAYEVA,
Uchqun NAMOZOV tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Uchqun NAMOZOV tayyorladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”