12:30 / 21.01.2022
1 086

Ozodbek Nazarbekov: «Ertangi kunimiz badiiy saviyasi sayoz bo‘lgan teleseriallar muhokamasi bilan band bo‘lmasin»

Ozodbek Nazarbekov: «Ertangi kunimiz badiiy saviyasi sayoz bo‘lgan teleseriallar muhokamasi bilan band bo‘lmasin»
O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqlarda xususiy telekanallarda namoyish etilayotgan teleseriallar saviyasi borasida yuzaga kelgan bahs-munozaraga munosabat bildirdi.

- "Ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama etilgan, xususiy telekanallarda namoyish etilayotgan teleseriallarga nisbatan keskin norozilik kayfiyati kuchaydi. Ta’kidlash joizki, bundan ikki yilcha avval ham seriallar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgandi. Ayni paytda ham bu holat takrorlandi. Bundan ko‘rinib turibdiki, soha vakillari kelgusida yana shunday kayfiyatdagi tomoshabin bilan yuzlashmaslik uchun bu borada aniq va to‘g‘ri yondashuvni topishi kerak. Yo‘qsa, ularning yurt taqdiriga daxldor shaxs sifatida birinchi va ikkinchi «Uyg‘onish davri» yangilanishlarini yaratgan ajdodlarimizning ma’naviy orzulari davomchilari bo‘lgan uchinchi Renessans vakillarini munosib tarbiyalash uchun nima qildik, degan savolga arzirli javoblari bo‘lmasligi mumkin.

Aslida bu borada mushohada yuritish har birimizning ma’naviy burchimizdir. Ayniqsa, televideniye xodimlarining oldida «Oynayi jahon orqali efirga uzatayotgan har bir telemahsulot yoshlar tarbiyasiga qanday ta’sir qiladi, bu bilan jamiyatga qanday nafimiz tegyapti?» degan savol ko‘ndalang turishi kerak.

Ayniqsa, yoshlar jamiyat uchun parda ortidagi voqelik, ko‘p ham ommaviy muhokama qilinmaydigan munosabatlar sirli, sehrli tuyuladi, ularni ko‘rishga intilish kuchli bo‘ladi. Chunki murg‘ak ong-u qalb oq va qora mohiyatini to‘la anglamaydi. Mana shunday ojizlikdan foydalanib, o‘z mahsulotlarini o‘tkazishga harakat qilish ma’naviyatsizlik, madaniyatsizlikka olib kelmaydimi? Bu millatga, xalqqa, davlatga xiyonatning bir ko‘rinishi emasmi?

Bugun zo‘rovonlik, zinokorlik, yovuzlik «virusi»ni tarqatayotgan manbalar jamiyatni ma’naviy majruh qilishga urinayotganini sog‘lom ong, teran tafakkur egasi qabul qila olmaydi. Bu kabi e’tiborsizlik, loqaydliklar sabab jamiyatda insonlar qadrsizlanib, ularning fikri, ma’naviy ehtiyojlari ikkinchi darajaga tushib qolishi biz tanlagan O‘zbekistonni rivojlantirishning Taraqqiyot strategiyasiga qay darajada hamohang bo‘la oladi?

Zotan, bugun tobora yangilanayotgan O‘zbekistonning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan uchinchi Renessans avlodlarini tarbiyalashda milliy qadriyatlarimizga tayanmog‘imiz shart. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xalqning teran ma’naviyatisiz, g‘ururisiz, yuksak madaniyatisiz buyuk davlat qurib bo‘lmaydi.

Aziz mutasaddilar!

Katta targ‘ibot maydoni bo‘lgan OAVlari orqali xalqimiz talab va ehtiyojlariga javob beradigan mahsulotlarni bering. Toki, ertangi kunimiz badiiy saviyasi sayoz bo‘lgan teleseriallar muhokamasi bilan emas, o‘zbek farzandlarining olamshumul muvaffaqiyatlarini muhokama qilish, istiqbolimiz uchun ma’naviy sarmoya bo‘ladigan loyihalar targ‘iboti bilan band bo‘lsin", - dedi O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda «Sevimli» telekanalida efirga uzatilayotgan «Sabriya» serialidagi axloqsiz sahna aks etgan kadr tarqalgani, AOKA holat nazoratga olinib, tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qilgandi. Keyinroq O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov («Sevimli» telekanali rahbari Amira Rashidovaning otasi) xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan milliy seriallar bo‘yicha izoh berdi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ushbu serialini tanqid qilib, badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtai nazaridan xulosa berishga chaqirdi. Amira Rashidova esa kanalda uzatilgan behayo sahna yuzasidan munosabat bildirib, serial namoyishidan avval 16+ markirovkasini bergani, qolaversa, «axloqsiz» degan ayblovni qo‘yishdan oldin kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli ekanini bildirgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozodbek Nazarbekov: «Ertangi kunimiz badiiy saviyasi sayoz bo‘lgan teleseriallar muhokamasi bilan band bo‘lmasin»