23:47 / 21.01.2022
1 668

«Mualliflik huquqini talab qilganimda men millioner bo‘lib ketardim» — Yulduz Usmonova

«Mualliflik huquqini talab qilganimda men millioner bo‘lib ketardim» — Yulduz Usmonova
O‘zbekiston xalq artisti «Xasta bo‘lma» qo‘shig‘i atrofidagi mojarolardan keyin vaziyatga izoh berdi hamda qo‘shiqqa yangi she’r yozganini ma’lum qildi.

- "Mana bu «Xasta bo‘lma» qo‘shig‘i mojaro bo‘lib ketganini bilasizlar. Men umrimda birov bilan talashishni yomon ko‘rdim. Umrimda kimgadir nimanidir isbot qilmadim. Ijodda har bir erinmagan odam etagingga osilaversa, etagingni kesib, qochib qolgan bo‘lasan. She’r yozilsa, kitobda qolaveradi. She’rni o‘zini o‘qib chiqsang, ha deydi, o‘tadi-ketadi. Nima bo‘lsa kuy bilan, qalb bilan bo‘ladi. Mana shu qalb yonadi, keyin Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlari chiqadi.

Hozir o‘tirib, yozib qo‘ydim. Nimadir miyamga urib qoldi, yozib yurgan odam yozaveradi. Nechta qo‘shig‘imni ijro etishgan bo‘lsa, ular aytdi-ketdi. Hech kim bilan sudlashmabman, agar men mualliflik huquqimni talab qiladigan bo‘lsam, millioner bo‘lib ketar edim. Aytganiga xursand bo‘laverar ekanmiz. Nimani his qilgan bo‘lsam, shuni yozdim.

Yana bir narsani aytib o‘tishim kerak, musiqaga she’r yozadigan sanoqli shoir bor. Xalq shoirlari ham musiqaga she’r yozmaydi. She’r yozadi, yozsangiz mana shunga kuy yozing, deyishadi. Qo‘shiqchi shoirlar boshqa bo‘ladi. Bu she’rga kuyni o‘zim yozganman. Uyim yaqinda ta’mirdan chiqdi. Ko‘p narsalar yo‘qolib ketdi. Lekin o‘sha she’r yozilgan qog‘ozni ko‘rsatganimda bilgan bo‘lardingiz, uning egasi rahmatli bo‘lib ketganmi, deb o‘ylaysiz. Endi yozganiyam poyma-poy bo‘lib turgandi, shuning uchun uning shoir emasligini bilganman.

Hamma she’rlarni ekspertiza qilsa bo‘ladi. Lekin hamma she’rni ekspertiza qilib, tillaga o‘rab, tokchaga qo‘ysa, hech kim olib o‘qimaydi. Kuy bilan aytilgan narsa qalblarga kiradi, tarixlarda qoladi. Alisher Navoiyni kim o‘qib joyiga qo‘ydi, sanoqli navoiyshunoslar bor. Shuning uchun g‘azal muhim narsa, so‘z muhim narsa. Lekin so‘z atayin izlanmaydi
", - deydi Yulduz Usmonova.

Yulduz Usmonova, shuningdek, ushbu voqeadan so‘ng shoirlar bilan ehtiyot bo‘lib ishlayotgani hamda o‘zi tahrirlagan she’rlarga hammualliflik qilayotgani haqida ham so‘zlab berdi.

«Bundan keyin biz shoirlar bilan juda ehtiyot bo‘lib ishlayapmiz. O‘zim ham o‘tirib, uncha-munchasini yozib qo‘yaman. Lekin bunga shoir ham kerak emas ekan, deyishmasin deb shoirlarni ishlataman. Shuningdek, har bir yozgan va yozilgan qo‘shiqda 4 qator mening naqarotim turadi. Aslini olganda hammuallifman. Lekin men hammuallifman deb bularning nafsoniyatiga tegmayman. Bundan keyin hammuallifman har bir qo‘shiqqa. Demak, zamon talab qilyapti, shunaqa bo‘lish kerak. Men ham kompozitor, ham qo‘shiqchiman. Va yaxshi qo‘shiqning birinchi naqaroti yoziladi, so‘z o‘z-o‘zidan keladi va undan keyin shoirga beriladi. Agar kuyga yozadigan shoirlar ko‘p bo‘lganida, ne-ne hitlar chiqib ketgan bo‘lar edi», — deydi Yulduz Usmonova.

Aytilishicha, «Xasta bo‘lma» qo‘shig‘ining yangi talqini tez kunda muxlislar e’tiboriga havola etiladi.

Eslatib o‘tamiz, shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev Yulduz Usmonovadan «Xasta bo‘lma» she’ri uchun 3 yildan buyon qalam haqi ololmayotgani haqida xabar berilgandi. Toshkent shahar sudlarining ma’lum qilishicha, 20 sentyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga «Xasta bo‘lma» qo‘shig‘ining she’r muallifidan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi kelib tushgan.

Mazkur da’vo arizasi bo‘yicha fuqarolik ishi qo‘zg‘atilib, sud majlisi 2021 yil 13 oktabrga tayinlangan. 13 oktabr kuni sud majlisiga da’vogar kelgan, javobgar kelmagani sababli sud majlisi 22 oktabrga qoldirilgan.

29 oktabr kuni qabul qilingan hal qiluv qarori bilan da’vo ariza qisman qanoatlantirilib, Yulduz Usmonovadan da’vogar Yo‘lchi Ro‘ziyevga 50 million so‘m ma’naviy zarar uchun kompensatsiya, bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobar miqdorida (135 million so‘m) yetkazilgan zarar hisobiga tovon puli undirish belgilangan.

Shundan so‘ng fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Yulduz Usmonovaning «Xasta bo‘lma» qo‘shig‘ining mualliflik huquqi buzilgani bo‘yicha shikoyat apellyatsiyasi ko‘rib chiqildi.

Sudning ajrimiga ko‘ra, da’vogar Yo‘lchi Ro‘ziyevning javobgar Yulduz Usmonovaga nisbatan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi yuzasidan chiqarilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2021 yil 29 oktabrdagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Mualliflik huquqini talab qilganimda men millioner bo‘lib ketardim» — Yulduz Usmonova