U ekranga yangi qiyofa olib kirgan, shu bois ishtirokidagi filmlarni tomoshabinlar ko‘rishga oshiqishardi. Chapdast, abjir bu yigitning qoplondek chaqqon harakatlari hech qaysi muxlisni befarq qoldirmasdi. Afsuski, aktyorning umri qisqa bo‘ldi. U o‘zi ishongan vahshiy odamlar tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi. «XX asr qaroqchilari», «Tom Soyer va Geklberri Finn sarguzashtlari» va «Bo‘ri o‘rasi» va boshqa mashhur filmlarda suratga bu aktyor Tal’at Nigmatullin edi...
Bolalikdagi ko‘z yoshlar
Tal’at Qodirovich Nigmatullin 1949 yilning 5 martida Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatining Qizil Qiya shahrida o‘zbek-tatar oilasida tug‘ilgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, uning O‘zbekistonda tavallud topgani va bir yoshga yetar-yetmas oilaning Qizil Qiyaga ko‘chib o‘tgani qayd etilgan. O‘zining ko‘plab intervyularida ham Tal’at Toshkentda tug‘ilganini aytgan.
Bo‘lajak aktyorning bolaligi og‘ir kechdi. Shaxtyor otasi Tal’at ikki yoshga to‘lmay turib fojiali tarzda halok bo‘ldi. Oila mushkul ahvolda qoldi. Keyinchalik Tal’at o‘smirlik davridan pul ishlab topishga kirishdi: shakar zavodi, poyabzal ustaxonasida xizmat qildi. Uning onasi maktab direktori bo‘lsa-da, oila nihoyatda muhtoj yashardi. Ikki bolani o‘stirishga qiynalgan ona Tal’atni bolalar uyiga topshirishga majbur bo‘ldi.
Tal’at odamovi bo‘lib voyaga yetdi. Uning sog‘lig‘i yaxshi emas, bolaligida shirzada (raxit) bilan og‘rigan edi. Tengdoshlari bilan o‘yinlar ko‘pincha Tal’atning ko‘z yoshlari oqishi, ko‘zining ko‘karishi, gohida esa jiddiy jarohatlar olishi bilan yakun topardi. Bir kuni kashshoflar oromgohida hamqur qiz oyog‘i qiyshiq bu o‘smir bilan raqs tushishdan bosh tortdi. Bundan qattiq ranjigan Tal’at ko‘z yoshlarini hech kim ko‘rsatmaslik uchun olis cho‘lga qarab yugurdi. Ana o‘shanda u tanasini chiniqtirishga qasam ichdi.
Tal’atning bal raqslari, yengil atletika, keyinchalik karate mashg‘ulotlari boshlandi. Odamovi o‘smir faqat kitoblar mutolaasidan taskin topardi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, u shu qadar biyron va adabiy tilda gaplashadigan bo‘ldiki, yaqinlari yoqa ushlab qoldilar. Tilni puxta o‘rganishga ahd qilgan Tal’at «Urush va tinchlik» romanining ikki tomini qo‘lda ko‘chirib chiqqan edi!
Eng katta orzusi kinorejissyor bo‘lgan Tal’at maktabni tugatgach, VGIKga kirish uchun Moskvaga yo‘l oldi, ammo o‘qishdan yiqildi. Birinchi omadsizlikdan so‘ng Moskvadan ketishni istamadi, sirk va estrada san’ati bilim yurtiga hujjatlarini topshirdi. Qabul qilindi. Bu dargohda tahsil olish chog‘ida Tal’at sportning kurash turi bilan jiddiy shug‘ullandi. U o‘sha paytdayoq ko‘rkam qiyofa va noyob iste’dodga ega edi. «Mosfilm»dagilar yosh yigitchaga e’tibor qaratishdi. Tal’at Nigmatullin «Komissar haqida ballada» filmiga taklif qilindi.
«Bu birinchi rol uning keyingi faoliyat yo‘nalishini belgilab berdi. Tal’at yaltiroq qo‘lqopli yosh ablah obrazini shu qadar mahorat bilan ijro etdiki, kelgusida razil qahramonlar timsoli unga yopishdi-qoldi. Vaholanki, Nigmatullin butun umr boshqa rollarni orzu qilgan edi» (Alisher Hamdamov intervyusidan).
VGIKda Nigmatullin bo‘lajak yulduzlar Nikolay Yeryomenko (kichigi), Vadim Spiridonov, to‘rt nafar Natalya — Beloxvostikova, Gvozdikova, O‘rinbosarova va Bondarchuk bilan birga o‘qidi.
Oilali, ammo... tayyor emas!
1971 yili oliy o‘quv yurtini tugatgan Tal’at Toshkentga keldi va «O‘zbekfilm»da aktyor bo‘lib ishlay boshladi. Uning ishtirokida «Yettinchi o‘q» (1972), «Uchrashuv va vidolashuvlar» (1973), «Siyovush haqida doston» (1976) filmlari suratga olindi.
Nigmatullin ijodining boshqa qirrasi ommaga uncha ma’lum emas — u hikoyalar va she’rlar yozgan. Bo‘sh vaqtini hamisha uyda o‘tkazar va yozardi. Toshkentda Nigmatullinning bir nechta hikoyalari bosib chiqarilgan, hatto nasrdagi ilk kitobi chop etishga tayyorlanayotgan edi. Kinodramaturg Odilshoh Agishev uning yozganlarini o‘qib, ssenariynavis va rejissyorlar oliy kursiga o‘qishga kirishini maslahat berdi. 1978 yili Nigmatullin mazkur kurslarni muvaffaqiyatli tugatdi.
Agar Tal’atning dastlabki rollari kichik va ko‘zga tashlanmagan bo‘lsa, iste’dodi va Nikolay Yeryomenko bilan do‘stligi tufayli esda qolarli qahramonlar ham ishonib topshirildi. Ulardan biri «XX asr qaroqchilari»dagi razil Solih obrazi hisoblanadi. Tal’at va Nikolay Yeryomenkoni rejissyor Boris Durov filmga taklif qildi. Aktyorlar rolga shunchalik kirishib ketdilarki, dublyor va kaskadyorlarning yordamini rad etishdi. Bu harakatlarning hammasi o‘zini oqladi. Filmni ko‘rish uchun tomoshabinlar turnaqator bo‘lib navbatda turishardi.
Tahsil chog‘ida Tal’at yosh talaba qiz Irina Shevchuk bilan tanishdi. «Bizning muhabbatimiz ikki yil davom etdi, — deydi Irina Shevchuk. — Keyin goh uchrashib, goh arazlashib yurdik. U mendan tajribali, men esa ancha kichik edim. Menda hammasi orzularimda, kitoblarda edi. Institutni bitirguncha munosabatlarimizga uzil-kesil nuqta qo‘ydik. Bu men uchun og‘ir bo‘ldi».
VGIKni tamomlab Toshkentga qaytgan Tal’at bir vaqtlar «Yalla» guruhi tarkibida bo‘lgan xonanda Larisa Kandalovaga uylandi. O‘shanda Tal’at «Yettinchi o‘q» filmida suratga tushayotgandi. Qizni yigitning jonkuyarligi o‘ziga tortdi: Larisaning moskvalik dugonasi og‘ir vaziyatga tushgan, sababi Toshkentda onasi betoblanib, ikki itini qoldirish uchun odam yo‘q edi. Tal’at ayolni shifoxonadan chiqarishga yordam berdi, Larisa imtihonlarni topshirayotganida esa kuchuklardan birini olib boqib turdi.
Ko‘p o‘tmay ularning oilasida qizaloq Ursula tug‘ildi. «Meni Tal’atning jonkuyarligi, do‘st bo‘lish qobiliyati o‘ziga jalb qilgan edi. Biz birgalikda bir yil yashadik, xolos. Tal’at oilaparvar bo‘la olmadi. Men uning boshqa ayollarga xushtorligini xiyonat deb qabul qildim. Oxir oqibat bolam bilan uydan chiqib ketdim. O‘sha paytda Tal’at oilaviy hayotga mutlaqo tayyor emas edi» (Larisa Kandalova so‘zlari).
Muhabbat va... Bryus Li
O‘n sakkiz yashar raqibasi Halima Hasanova haqida Larisa hali homiladorlik paytida bilgan. Tal’atning o‘limidan so‘ng intervyularidan birida Larisa Kandalova Halima haqida shunday dedi:
«Bu qiz erimga xippa yopishib olgandi. U uyimizga kelib turar, Tal’atning onasi eshikni ochar, Halimaning pochtachi yoki qo‘shni ayol ekanligini aytib meni aldardi. O‘sha yillari menga yetkazgan aziyatlari evaziga Halima bu so‘zlarim uchun kechirsin. U Tal’atni judayam sevar, faqat Tal’at uchun yashar, nazarimda, moddiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlar – qurilishda ishlar edi. Halima muloyim va donishmand ayol, biroq uning ham yo‘li Tal’at bilan ayro tushdi».
Halima Nigmatullinning ikkinchi xotiniga aylandi. U erining murakkab fe’liga chidashi mumkin edi. Birgalikda davom yetti yillik turmush Nigmatullin hayotidagi eng uzoq munosabat hisoblanadi. 1980 yilning 21 oktabrida oilada Said dunyoga keldi.
«Men Tal’atni judayam sevardim, — degan Halima Hasanova. — Said tug‘ilganida u xotini yarim yildan so‘ng tug‘adigan erkakdan kajava sotib oldi. Tal’at nafaqat pul bilan yordam berdi, balki xaridni nishonlash uchun bu tasodifiy odamni restoranga taklif ham qildi. Uning o‘ziga xosligi ham ana shunda edi — ochiq, xayrixoh va yaxshi ulfat. Tal’atning hech qanday dushmani yo‘q edi».
Rejissyor Melis Ubukeyevning filmida bosh rolni o‘ynagan Nigmatullinning kino maydonidagi sherigi Venera Ibrohimova bo‘ldi. Aynan u Tal’atning so‘nggi muhabbati hisoblanadi. Venera navbatdagi filmda suratga tushayotganida Nigmatullin gul to‘ldirilgan eski «Moskvich»da keldi va sevgilisini FHDYOga olib ketdi. O‘shanda Venera 19, Tal’at 33 yoshda bo‘lgan.
Bu har tomonlama aktyorlar oilasi edi. Er-xotin suratga olishdan bo‘sh vaqtlarda ko‘rishishar, kamtarona, ammo baxtli yashardilar.
Tal’at rafiqasining ismi Linda bo‘lgan Bryus Li ijodi oldida ta’zim qilgan. Venera esa yulduzli juftlik — Pol va Linda Makkartnilarning fanati edi (Bryus Li rafiqasining ismi ham Linda). 1983 yilning 14 mayida qizaloq tug‘ilganida Tal’at va Venera o‘zaro kelishib, ismini Linda deb qo‘yishdi.
Venera Tal’atdan har jihatdan ortda qolmaslikka harakat qilardi. U ham karate bilan shug‘ullandi. Qora belbog‘ oldi va sport ustaligiga sazovor bo‘ldi.
Sekta balosi – fojia sari!
1980 yil boshida Tal’at Nigmatullin bir sektaga a’zo bo‘ldi. Ushbu mazhabning rahnamolari asli kelib chiqishi Frunze (hozirgi Bishkek) shahridan hisoblangan Abay Bo‘riboyev va nukuslik «xalq tabibi», ekstrasens Mirza Qimmatboyev edilar. Sekta tarkibi jurnalistlar, yozuvchilar, rassomlardan iborat edi. Mazkur mazhabdagilar dzen-buddizm va ezoterika uyg‘unlashuvidan tarkib topgan «To‘rtinchi yo‘l»ga e’tiqod qilishardi. O‘ziga to‘q sekta a’zolari «ruhiy akalari»dan nima izlashgani ularning yaqinlari uchun jumboq bo‘lib qolgan. Aftidan Tal’atning «o‘rganilmagan dunyo»ga intilishi uni Bo‘riboyev sektasiga yetaklab kelgan.
1981 yili Tal’at ilk rejissyorlik ishi — «Aks-sado» nomli o‘n daqiqalik hujjatli filmi uchun pul topdi hamda Mirza va Abayni suratga oldi. Ammo filmga do‘stlari va rahbariyat tomonidan yaxshi fikr bildirilmadi.
Larisa Kandalovaning hisoblashicha, agar u Tal’atning yonida bo‘lganida bu «isqirtlar»ga aktyorni aslo yo‘latmasdi: «Sektaga giyovandlik aralashgan deb o‘ylayman, chunki ular ichkilikbozlik qilish bilan cheklanmagan. Birga yashaganimizda Tal’atda hech qachon narkotiklarni ko‘rmaganman. To‘g‘ri, u ichardi, ammo boshqa artistlar ham bu gunohni qilishgan».
Halima Hasanova qaydlari: «Biz ajrashgach, men ayriliqdan uzoq vaqt aziyat chekdim. Uni ishonchsiz qo‘llarga topshirganim haqidagi hissiyot shuurimni sira tark etmadi. Tal’at nima uchun bu mazhabga o‘ralashib qolganini sira tushunmayman. Bilganim: o‘sha firibgarlar fotosuratimni ko‘rishgach, men bilan ajrashishi kerakligini aytib Tal’atni ko‘ndirishga urinishgan. Men hayotini izdan chiqarmasligi uchun yaxshilab o‘ylab ko‘rishini unga aytdim, biroq harakatlarim zoye ketdi. Sektadagilarni esa bir marta ko‘rdim, xolos. Ular o‘ta qashshoq, zaifligi bilan meni hayron qoldirishdi. Tal’at esa xuddi oftob misoli ajralib turardi».
1985 yil fevral oyi boshlarida Mirza va Abay «maktabi»da ixtilof yuzaga keldi: vilnyuslik bir nechta o‘quvchi sekta bilan aloqasini uzishga qaror qilishgan edi. Vaziyatni o‘rganish uchun o‘sha joyga Abayning o‘zi yo‘l oldi. Keyin esa itoat etmaganlarning «aqlini kiritib qo‘yish» maqsadida Nigmatullinni chaqirdi. Suratga tushish uchun Kishinyovga borishi kerak bo‘lgan Nigmatullin Vilnyusga qo‘nib o‘tishga qaror qildi. Abay bilan uchrashganida u aktyorga savol berdi: «Menga qarshi chiqayotgan odamlar bor. Yordam berishni xohlaysanmi?» Tal’at rozi bo‘ldi. Ustozining haqligiga mutlaqo ishongan Nigmatullin sektaning norozi a’zolari bilan munosabatlarga oydinlik kiritish uchun tegishli manzilga yo‘l olishdi.
Mash’um kecha
Abay shogirdlarining sadoqatiga ishonch hosil qilish uchun kamsitadigan sinov usullarini qo‘llagan. Masalan, bir ziyofatda Abay barchaning ko‘z o‘ngida stakanga tupurdi va Tal’atga uni ichishni buyurdi. Nigmatullin buyruqni bajardi. Sharq bozorida esa Abay aktyorga tilanchilik qilishni amr etdi. Nigmatullin bu buyruqqa ham itoat etdi. Abay umumiy ish uchun pul kerakligini aytganida uch bolaning otasi bo‘lgan va yaxshi pul topadigan Tal’at o‘zidagi bor sarmoyasini qo‘shqo‘llab topshirdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, tanishganlaridan buyon Nigmatullin Bo‘riboyevga ikki ming rubldan ko‘p pul bergan, vaholanki, o‘shanda mamlakat miqyosida o‘rtacha ish haqi 120 rubl edi. Ya’ni Tal’at Abay bilan nafaqat faxrlangan, balki unga to‘la-to‘kis itoat etgan. Biroq Abay o‘ziga bo‘ysunmagan shogirdlarni ko‘rsatib, «Mana bu murtadni ur!» deganida Nigmatullin kutilmaganda «Urmayman!» dedi. Ilk bor buyruqni bajarmagani ustozni g‘azablantirib yubordi. «Baza»ga qaytishgach, Tal’atning Abaydan eshitgani shu bo‘ldi: «Sen – sotqinsan!». «Sotqin emasman», – dedi aktyor. Shunda ustoz amr qildi: «Uni do‘pposlanglar!». Bu yerdagilarning barchasi Tal’atga tashlandi.
1985 yilning 10 dan 11 fevralga o‘tar kechasi Vilnyus markazidagi rassom A.Kalinauskasning uyida besh nafar «tabib» aktyorni shafqatsizlarcha kaltakladi. Bu holat toki Tal’atning ichki a’zolari tamoman ishdan chiqquncha davom etdi. Fyodor Razzoqovning kitobida yozilishicha, ur-kaltakda bevosita moskvalik karate ustasi V.Pestretsov ham qatnashgan.
Ma’lum vaqtdan so‘ng sekta rahbari kaltaklashni to‘xtatishni buyurdi va so‘zlarini takrorladi: «Sen – sotqinsan!». Tal’at javob berdi: «Yo‘q!». Jazo davom ettirildi. Aktyor zig‘ircha qarshilik ko‘rsatmadi, o‘zini himoya qilishga ham urinmadi. Vaholanki, karate usullarini puxta bilgan, qora belbog‘ sohibi bo‘lgan Nigmatullin qurol-aslahasiz odamlarni har tomonga uchirib yuborishi mumkin edi. Biroq u bunday qilmadi, ustozining ko‘zlariga jimgina tikildi. Sinchkov nigohga dosh berolmagan Abay shundoq ham dabdalasi chiqqan Tal’atga so‘nggi beshta zarbani berdi va o‘lim yuz berdi.
Nigmatullin ustozi nohaqligiga amin bo‘la turib, nega o‘ziga berilgan zarbalarga qarshilik ko‘rsatmagan? Buning sababi voqealar juda tez ro‘y berganida bo‘lsa kerak. Bir soat ichida o‘zi salkam sig‘ingan ustozining ablah odamga aylangani Tal’at uchun og‘ir fojia edi. Ko‘zlari kech ochilgan shogirdning barchasini anglab yetishi uchun vaqt yetishmasdi. Agar uning mulohaza uchun ikki soat fursati bo‘lganida ham o‘lmay qolishi mumkin edi.
Darhaqiqat, bunday ruhiy zarbadan so‘ng odam darhol o‘zini o‘nglay olmaydi. Ba’zida yillar kerak bo‘ladi. Sud hujjatlarida yozilishicha, kaltaklash sakkiz soat davom etgan. Nimalar ro‘y berayotganini anglaganida Tal’atning qarshilik ko‘rsatishga kuchi ham qolmagan edi.
Nigmatullinning murdasi yuvinish xonasidan topildi. Marhum tanasida 119 ta jarohat bo‘lib, 22 tasi bosh qismida edi. Murda shu qadar abgor ahvolda bo‘lganki, Venera uni krematsiya qilishga qaror qildi va bu jarayon Kaunasda o‘tkazildi. Tal’atning xoki Toshkentdagi «Chilonzor ota» qabristonida dafn etildi...
Abay Bo‘riboyev va Mirza Qimmatboyev sud tomonidan 14 va 10 yillik qamoq jazolariga hukm qilindi. Boshqa jinoyatchilarga nisbatan qisqa muddatli jazolar tayinlandi. Arxivdagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Abay Bo‘riboyev jazoni o‘tish chog‘ida sil kasalligidan vafot etgan, ammo «Tal’at Nigmatullin: superyulduzning halokati» filmida aytilishicha, Bo‘riboyev qamoqda o‘ldirilgan. Mirza Qimmatboyev esa jazoni to‘liq o‘tadi, ozodlikka chiqdi, yana «tabiblik» bilan shug‘ullanib, 2006 yili jigar sirrozi bilan hayotdan ko‘z yumdi...
Mashhur aktyor Tal’at Nigmatullin o‘lganida 36 yoshga to‘lishiga uch oy qolgan edi.
Anvar Namozov
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas