Siz hamisha kuzatib boradigan shou-biznes vakillari — juda mashhur, o‘zbek san’atiga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlarning nabiralari ekanligini bilasizmi? Keling, sizni mashhur bobosi bilan hamisha faxrlanadigan ijodkorlar bilan tanishtiramiz.
Rayhon G‘aniyevning bobosi mashhur rejissyor bo‘lgan
Foto: «Daryo» / Kollaj
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyevaning katta bobosi Nabi G‘aniyev o‘z davrining mashhur aktyor va rejissyori bo‘lgan. U o‘zbek kino san’atining nodir durdona filmlari: «Nasriddin Buxoroda» (1943), «Tohir va Zuhra» (1945), «Nasriddinning sarguzashtlari» (1946) va «Farg‘ona qizi» (1948) kabilarni suratga olgan. Uning to‘rt farzandi bo‘lib, ularning birortasi san’atkor bo‘lishni istamaydi. Faqatgina o‘g‘li Hotamning farzandi Otabek G‘aniyev bobosining kasbini davom ettiradi. Umri va ijod yo‘li nihoyatda qisqa bo‘lgan Otabek G‘aniyevning orzularini qizi Rayhon G‘aniyeva davom ettirmoqda.
Alisher Uzoqovning bobosi O‘zbekiston xalq hofizi bo‘lgan
Foto: «Daryo» / Kollaj
Aktyor Alisher Uzoqov O‘zbekiston xalq hofizi Ma’murjon Uzoqovning nabirasi hisoblandi. U o‘z davrining mashhur ijodkori bo‘lish bilan birga, oltin fondga kirgan ko‘plab qo‘shiqlarning otasi hisoblanadi. U ijro etgan «Mustahzod», «Sayding qo‘yaber, sayyod», «Parvo etib ket» va «Ayrilmasin» kabi qo‘shiqlar haligacha o‘z muxlislarini yo‘qotgani yo‘q. Aktyorning otasi Muhammadjon Uzoqov ham o‘z davrining mashhur aktyori bo‘lgan.
Shahzoda Matchonovaning bobosi Qoraqalpog‘istonda ijod qilgan
Foto: «Daryo» / Kollaj
Aktrisa Shahzoda Matchonovaning bobosi O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Boshqirdiston xalq artisti Bayram Matchonov hisoblanadi. Ijodkor o‘z davrining mashhur lirik xonandasi va rejissyori bo‘lgan. U uzoq vaqt Qoraqalpoq davlat filarmoniyasida va Qoraqalpoq yosh tomoshabinlar teatrida rahbar bo‘lib ishlagan.
Kanizaning asl ijodkor bobosi Murodjon Ahmedov
Foto: «Daryo» / Kollaj
Xonanda Kaniza esa O‘zbekiston xalq artisti, mashhur hofiz Murodjon Ahmedovning nabirasi hisoblanadi. Uni ko‘pchilik xonanda sifatida bilsa-da, ammo ijodkor uzoq vaqt teatrda faoliyat yuritgan. Qo‘qon va Farg‘ona musiqali teatrlarida faoliyat yuritib, ko‘plab mashhur rollarni ijro etgan. Ijodkorga «O‘tkan kunlar» filmi uchun aytgan «O‘rtar» ashulasi katta shuhrat keltirgan. Murodjon Ahmedovning farzandlari san’at yo‘lini tanlashmadi. Ammo o‘g‘li Farhodning qizi Kaniza 2006 yildan buyon yakkaxon xonanda sifatida ijod qilyapti. U Kaniza buvisining ismidan taxallus sifatida foydalanadi.
Erkin Komilov nabirasining klipida suratga tushdi
Foto: Instagram / @valijon__shamshiyev
O‘zbek san’atida Layli va Majnun juftigining paydo bo‘lganiga ko‘p bo‘lmadi. Layli qiziqchi Valijon Shamsiyevning qizi, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilovning nabirasi hisoblanadi. Bu aktyorning hayot va ijodini eslatish shart emas. Chunki uni bugungi tomoshabinlar orasida tanimaydiganlar topilmasa kerak. Erkin Komilov qizi Dilfuzani qiziqchi Valijon Shamsiyevga turmushga bergan. Aktyor yaqinda nabirasining «Sevgi» klipida suratga tushdi.
Yunus Rajabiy sulolasi davom etmoqda
Foto: «Daryo» / Kollaj
Xushovoz xonanda Aziz Rajabiy mashhur sulolaning munosib davomchisi ekanligi hech kimga sir emas. Uning bobosi Yunus Rajabiy, otasi Hasan Rajabiylar o‘zbek san’ati rivojiga sezilarli hissa qo‘shgan san’atkorlardir.
Lutfulla Sa’dullayevning yagona ijodkor nabirasi
Foto: «Daryo» / Kollaj
Yosh aktyor Abdulloh Mas’udov O‘zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa’dullayevning nabira o‘g‘li hisoblanadi. U to‘ng‘ich qizi Gulira’noni marhum aktyor Fathulla Mas’udovga turmushga bergandi. Abdulloh ularning kenja o‘g‘li bo‘lib, bobo ijodini davom ettirayotgan yagona nabirasi hisoblanadi.
Ikki mashhur bobosi bor aktyor
Foto: «Daryo» / Kollaj
Yosh aktyor Shohruhmirzo Abduqunduzov ikki ijodkor boboning suyukli nabirasi hisoblanadi. Uning ota tomondan bobosi O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov, ona tomondan bobosi esa O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim hisoblanadi. Ayni kunlarda Shohruhmirzo aktyorlik bo‘yicha tahsil olish bilan birga, seriallarda suratga tushmoqda.
Asal Shodiyeva bobosining rejissyor bo‘lishini istadi
Foto: Instagram / @asalshodieva
Aktrisa Asal Shodiyevaning bobosi Mirzakalon Shodiyev 13 yildan buyon konsert dasturlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
— Asli kasbim iqtisodchi, rejissyor bo‘lishimga esa nabiram Asal sababchi bo‘lgan. Bugungi kunda ko‘plab katta konsert tomoshabinlariga rejissyorlik qilaman. Shu bilan birga, poytaxtdagi «Chustiy» MFYning raisi hisoblanaman, — deydi Mirzakalon Shodiyev.
Zokirovlar sulolasining asoschisi kim?
Foto: «Daryo» / Kollaj
Aktyor Javohir Zokirov san’at sulolasining vakili ekanligi barchaga ma’lum. Uning otasi va amakilari mashhur ijodkorlar bo‘lishgan. Aslida bu an’ana ularga bobosi Karim Zokirovdan meros qolgan. O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokirov 1929 yildan dramatik aktyor sifatida ish boshlagan. O‘zbekiston opera san’ati kelib chiqishida bosh-qosh bo‘lgan. Butun umri davomida Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida faoliyat olib borgan va 30 dan ziyod partiyalarni ijro etgan. Tabiatan noyob, ulkan imkoniyatli baritoni tinglovchilarni o‘ziga rom etgan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Qatarga qarshi qilish kerak bo‘lgan ishni qilmadik!