Prezident: «Kerak bo‘lsa, Gollivudga olib borib o‘qitib kelishga ham tayyorman» (video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Prezident Shavkat Mirziyoyev kino va televideniye ijodkorlari bilan uchrashuvda yosh aktyorlarning salohiyatini yuqori baholab, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.
- Davlat rahbari yosh ijodkorlar uchun maxsus maktab platformasini tashkil etish, ularga grant asosida ta’lim olish va xorijda tajriba orttirish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kino va televideniye ijodkorlari bilan uchrashuv davomida yaqinda namoyish etilgan “Chempion”, “O‘g‘iloy” va “Sersavol” loyihalarida rol ijro etgan bolalar bilan samimiy suhbatlashdi. Uchrashuvda yosh aktyorlar o‘z orzulari, ilk ijodiy tajribalari va quvonchlari bilan o‘rtoqlashdi.
Jumladan, “Chempion” filmida bosh rollarni ijro etgan Shamsiddinov Sherozbek va Firdavs Toshboyev, “O‘g‘iloy” filmi qahramoni hamda “Sersavol” filmida rol o‘ynagan 10 yoshli Shuhrat Sirojiddin o‘z taassurotlari haqida so‘zlab berdi. Bolalar suhbat yakunida tomoshabinlarni ushbu filmlarni ko‘rishga ham taklif qildi.
Yosh aktyorlarning erkin va dadil muloqotini kuzatgan davlat rahbari aktyor Alisher Uzoqovga yuzlanib, bolalar bilan ishlash va ularni tarbiyalash usullari bilan qiziqdi.
“Alisher, bularni qanday qilib shunchalik erkin, dadil muloqot qiladigan, ruhan tetik va katta jasoratlarga tayyor qilib tarbiyalayapsiz? Hamma farzandlarimiz ham bunday muloqotga tayyor bo‘lavermaydi-ku”, — dedi Prezident.
Alisher Uzoqov bunga javoban davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Bolalar kontentini rivojlantirish markazida qisqa vaqt ichida bir nechta loyiha yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Uning aytishicha, loyihalar uchun o‘tkazilgan kastinglarda besh mingdan ortiq bola ishtirok etgan. Bu esa mamlakatimizda iste’dodli yosh aktyorlar ko‘pligini ko‘rsatgan.
Suhbat davomida Shavkat Mirziyoyev yosh aktyorlarning salohiyatiga yuqori baho berib, ularni qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.
“Bular o‘n yildan keyin kim bo‘lishini tasavvur qilinglar! Bu g‘ayrat, shijoat, bilim, ong va dunyoqarash bilan ular katta yutuqlarga erishishi mumkin”, — dedi davlat rahbari.
Prezident Toshkent shahar hokimiga yosh aktyorlarni alohida e’tirof etish va ularga Prezident sovg‘alarini topshirishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, Alisher Uzoqovga Toshkent shahar hokimligi hamda Jahongir Ahmedov bilan birgalikda bir oy ichida yosh ijodkorlar maktabi platformasini tashkil etish vazifasi yuklatildi. Ushbu tashabbus doirasida yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratish, jumladan, bino, stipendiya va mukofotlar bilan ta’minlash masalalari ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari yangi maktab yosh kinoijodkorlarning iste’dodini rivojlantirishga xizmat qilishi, ularga oliy ta’lim muassasalarida grant asosida o‘qish va xorijda tajriba orttirish imkoniyatlarini yaratish zarurligini ta’kidladi. U iqtidorli yoshlarni kelgusida Gollivudda ham o‘qitish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
“Bular Gollivudda ham O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘taradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.






























Izohlar 0
…