date
views 2 025

Oʻzbekistonlik xonanda Evropaning nufuzli san'at saroylarida yakkaxon kontsert berdi

Ўзбекистонлик хонанда Eвропанинг нуфузли санъат саройларида яккахон концерт берди
Foto: OXUS Culture
Pandemiya davrida toʻxtab qolgan xalqaro miqyosdagi madaniy tadbirlar yana davom eta boshladi.

«Nihol» mukofoti sovrindori Gulzoda Xudoynazarova sozandalar Bekzod Safarov, Farrux Vohidovlar hamrohligida joriy yil 19 fevraldan 11 martga qadar Germaniya, Polsha, Belgiya, Frantsiya hamda Shveytsariyadagi nufuzli san'at saroylarida yakkaxon kontsert berdi.

YuNESKO nomoddiy madaniy merosi roʻyxatidan joy olgan Shashmaqom hamda katta ashulaning mumtoz namunalaridan iborat ijodiy dastur evropaliklarga manzur boʻldi. Xususan, Per Bulez nomidagi san'at saroyi (Berlin), Moler teatri (Bryussel), Sankt-Gallen teatri hamda Hamburg filarmoniyasida jam boʻlgan san'at muhiblari hayratu tahsinini olqishlar ila izhor etdi.

Kontsertlar davomida xalqaro ekspert Husniddin Ato Oʻzbekiston musiqa madaniyati, Shashmaqom merosi, milliy cholgʻular haqida ma'lumot berib, tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Qayd etilishicha, ushbu ijodiy safar OXUS Culture madaniyat tashkiloti va uning xorijdagi hamkorlarining bir necha yillik mehnati samarasidir. Mazkur tashkilot milliy musiqa merosimizni jahon sahnalarida keng targʻib etishga yoʻnaltirilgan loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Shashmaqom, katta ashula, Fargʻona–Toshkent maqom yoʻllaridagi ashulalar, hamda mumtoz va xalq musiqa merosi namunalarining mahoratli ijrochisi sanalgan Gulzoda Xudoynazarova avval ham Evropa mamlakatlarida kontsertlar namoyish etgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Oʻzbekistonlik xonanda Evropaning nufuzli san'at saroylarida yakkaxon kontsert berdi