May oyida poytaxtimizda “Mening Toshkentim” nomli myuziklning premerasi bo‘lib o‘tadi

2016 yilning 13-14 may kunlari “Istiqlol” san’at saroyida “Qor malikasi” nomli birinchi oilaviy myuziklning ijodkorlari tomonidan yaratilayotgan yangi “Mening Toshkentim” myuziklining premerasi bo‘lib o‘tadi.
Myuzikl syujetiga bir mahallaning hayoti, ushbu mahallada istiqomat qiluvchi odamlarning ichki kechinmalari, muhabbati, oilaviy munosabatlari va ular hayotining boshqa yorqin taraflari asos qilib olingan.
Sahnalashtiruvchi rejisser sifatida 2012 yil «M&TVA-2012» marosimida “Yil kashfiyoti” nominasiyasida g‘olib bo‘lgan va “Qor malikasi” oilaviy myuziklini sahnalashtirishda o‘z yorqin taraflarini nomoyon etgan Hasan va Husan Solihovlar ishtirok etishmoqda. Shu bilan birga Hasan Solihov boshlovchi rolini ham ijro etadi. Myuzikl musiqasi bastakor Adham Abduraimov tomonidan yaratilmoqda. “Aladdin” estrada studiyasining asoschisi va badiiy rahbari Rustam Hamroqulov esa ushbu loyihaning vokal buyicha rahbari sifatida ishtirok etmoqda.
Bosh rollarni ijro etish uchun taniqli estrada xonandalari, kino va teatr akterlari taklif etilgan: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotima Rejametova, Muxammadiso Abdulxairov, Adiz Rajabov, Asal Shodieva, Shadisha va boshqalar. Shuningdek sahnada kasting asosida tanlab olingan iste’dodli yosh ijrochilar o‘z mahoratlarini namoyish etadilar.
Namoyish bir vaqtning o‘zida o‘zbek va rus tillarida taqdim etilib, poytaxtimizning barcha aholisi uchun tomoshadan zavq olish imkoniyatini yaratadi.
Sahnalashtiruvchi rejisser Husan Solihov o‘z taasurotlari bilan o‘rtoqlashdi: “Myuziklning barcha ishtirokchilarini o‘z ona shahriga va asosiysi o‘z xalqiga nisbatan bo‘lgan muhabbat birlashtirgan. Biz ushbu tadbir orqali har bir mahallaning chiroyi, aholisi va ular hayotini tasvirlab bermoqchimiz. Zamonaviy usulda aranjirovka qilingan retro qo‘shiqlarning jonli ijrosi, beqiyos xoreografiya, yorqin ssenografiya va betakror kostyumlar bizning shahrimizning rangbarangligi va jozibadorligini ochib bera oladi, deb umid qilamiz”.
Tadbirga biletlarni “Istiqlol” san’at saroyi kassalaridan, hamda UZCARD va Click elektron to‘lov vositalaridan foydalangan holda sotib olish mumkin.
“Mening Toshkentim” - bu yangi turdagi sahna ko‘rinishi bo‘lib, jonli ijro imkoniyatlarini, yorqin dekorasiyalar, akterlik mahorati va mulliflik yondoshuvini targ‘ib etishga qaratilgan.
Tashkilotchilar “Mening Toshkentim” shahrimizning “tashrif qog‘ozi” bo‘lib qolishiga va ko‘p yillarga muhlislar qalbida o‘rin egallashiga umid qilishmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing