
Inkuzart taxallusi bilan ijod qilayotgan koʻcha rassomi Abdurahmon Toshkentda Amir Temur tavalludining 686 yilligi munosabati bilan yangi strit-artini chizish jarayoni tasvirlangan videoni e'lon qildi.
Unda qoʻlida PUBG oʻyining logotipi tushirilgan telefonni ushlab turgan bola koʻzguda Amir Temur siymosini koʻrayotgani tasvirlangan.
«Plastmassa hayot», — deya izoh qoldirgan muallif oʻz ijodiga.
Eslatib oʻtamiz, 2021 yilning sentyabr boshida @inkuzart Oʻzbekiston avtomobil bozoridagi monopoliyaga bagʻishlangan strit-art chizgandi. Unda mashina uchun uzun navbat va navbat boshida qizil shapkali inson tasvirlangandi. Keyinroq ushbu tasvir toʻliq oʻchirib tashlangan, poytaxt hokimligi va «Oʻzavtosanoat» bu ishga aloqasi yoʻqligini ma'lum qilgan edi.
Noyabrda esa koʻcha rassomining Toshkentda benzin narxi oshishiga bagʻishlangan strit-art oʻchirib tashlangandi. 2022 yilning 18 fevral kuni esa Inkuzart’ga tegishli turli formulalar bilan devorga chizilgan Albert Eynshteynning portreti boʻyab tashlangan. Chilonzor tuman hokimligi strit-artining oʻchirilishiga tuman hokimining buyrugʻi emas, mahalla faollari sababchi boʻlganini ma'lum qilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!