Amir Xon 61 yoshida uchinchi bor uylanmoqda

Amir Xon 61 yoshida uchinchi bor uylanmoqda

Bollivudning mashhur yulduzi Amir Xonning to‘yi haqidagi mish-mishlar nihoyat rasman tasdiqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, aktyor so‘nggi ikki yil davomida munosabatda bo‘lib kelayotgan Gauri Spratt bilan turmush qurishga qaror qilgan.

Amir Xon hozirda AQSH bo‘ylab safar qilayotganini hamda to‘y haqidagi xabarlar haqiqat ekanini tasdiqladi.

— Biz 5 iyul kuni nikohdan o‘tamiz, — dedi aktyor.

E’tiborli jihati shundaki, bir necha oy avval Amir Xon rasmiy nikoh u qadar muhim emasligi, Gauri bilan birga yashashning o‘zi ham ular uchun yetarli ekanini ta’kidlagan edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan uning bu boradagi qarashlari o‘zgargan.

— Ha, bu rost. Hozir ikkimiz ham munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanimizni his qilyapmiz. Qalbimda men allaqachon unga uylanganman. Shuning uchun munosabatlarimizni rasmiylashtirish sevgimizning tabiiy davomi bo‘ladi, — dedi kino yulduzi.

Amir Xonning bo‘lajak rafiqasi Gauri Spratt asli Bangalor shahridan bo‘lib, sog‘lom turmush tarzi va go‘zallik industriyasi sohasida muvaffaqiyatli faoliyat olib boradi. Aktyor o‘tgan yili o‘zining 60 yoshlik yubileyida uni ilk bor ommaviy axborot vositalari va muxlislarga tanishtirgan edi.

Keyinchalik 61 yoshli aktyor Gauri bilan ko‘p yillardan beri tanish bo‘lganini, ma’lum vaqtdan so‘ng yana uchrashib, munosabatlari tobora mustahkamlanib borganini aytib bergan. So‘nggi vaqtlarda esa juftlik turli yirik tadbirlar va film premeralarida birgalikda ko‘rinish bermoqda.

Ma’lumot uchun, Amir Xon bugunga qadar ikki marta oila qurgan. Uning birinchi turmush o‘rtog‘i Reina Datta bo‘lib, ularning Junayd Xon va Ira Xon ismli farzandlari bor. Keyinchalik aktyor Kiran Rao bilan turmush qurgan va ularning nikohidan Azad ismli o‘g‘li dunyoga kelgan.

Ajrashganiga qaramasdan, Amir Xon har ikki sobiq rafiqasi bilan ham iliq va do‘stona munosabatlarni saqlab kelmoqda hamda farzandlari tarbiyasida faol ishtirok etib keladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar