21:48 / 09.04.2022
11 346

Qarindosh ekanini ko‘pchilik bilmaydigan o‘zbek san’atkorlari (foto)

Qarindosh ekanini ko‘pchilik bilmaydigan o‘zbek san’atkorlari (foto)
Har bir sohada bo‘lgani kabi san’at olamida ham bir qozonda qaynayotgan qarindoshlarning borligi tabiiy. Ularning ayrimlari qondoshlik rishtalarini ommaga ovoza qilsa, ba’zilari bu haqda gapirishni istamaydi. «Daryo» qarindosh ekanini ko‘pchilik bilmaydigan san’atkorlarni bir sahifaga jamladi.

Dilorom Karimova va Malika Ibrohimova

Kollaj: «Daryo»
O‘zbekiston xalq artistlari Dilorom Karimova hamda Malika Ibrohimovaning opa-singil ekanligini ko‘pchilik bilmasa kerak. Dilorom Karimova 1948 yilning fevral oyida, Malika Ibrohimova esa 1949 yilning oktabrida tavallud topgan. Bu ikki ustoz san’atkorlar maktabda bir vaqtda tahsil olgan.

Ziyoda va Otabek Madrahimovlar

Kollaj: «Daryo»
90 yillarning mashhur xonandasi Otabek Madrahimov taniqli baletmeyster, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ziyoda Madrahimovaning o‘g‘li hisoblanadi. U to‘qqiz yildirki, oilasi bilan AQSHning Filadelfiya shahrida istiqomat qiladi. Xonanda okean ortida logistika kompaniyasini tashkil qilgan. Kompaniya juda katta bo‘lib, uning Toshkentda ham filiali bor.

Rixsi Ibrohimova va Nasiba Ibragimova

Kollaj: «Daryo»
O‘zbekiston xalq artisti Rixsi Ibrohimova hamda oliy toifali diktor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nasiba Ibragimova opa-singil hisoblanadi. Lekin ular intervyularida negadir bu haqda juda kam so‘z yuritadi.

Dilnoza va Temur Kubayevlar

Foto: Instagram / @thetimurkubayev
Kino va teatr aktrisasi Dilnoza Kubayeva oilada yagona qiz bo‘lib, ikki akasi va bir nafar ukasi bor. Ukasi Temur Kubayev opasining kasbini tanlagan. U bugungi kunda teleboshlovchi va aktyor sifatida o‘z muxlislarini topish yo‘lida faol ijod qilmoqda. Temur «Daydi qizning daftari» serialidagi Akmal obrazi bilan tomoshabinlar e’tiborini qozongan.

Sevara Nazarxon va Qunduzxon Abdullayeva

Kollaj: «Daryo»
Tele va radioboshlovchi Qunduzxon Abdullayeva O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon bilan xolavachcha bo‘ladi. Qunduzxon Farg‘onada, Sevara esa Andijonda tug‘ilib, voyaga yetgan.

Muhabbat va Nozim To‘laxo‘jayevlar

Kollaj: «Daryo»
Birgina «Maftuningman» filmidagi qizaloq Muhabbat roli bilan tanilgan Muhabbat To‘laxo‘jayeva O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘laning farzandi. Kinoni emas, san’atshunoslikni tanlagan Muhabbat To‘laxo‘jayeva ko‘p yildan beri O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida talabalarga saboq berib kelmoqda. U mashhur aktyor Nozim To‘laxo‘jayevning opasi hisoblanadi.

Dilfuza Rahimova va Shahlo Rustamova

Kollaj: «Daryo»
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilfuza Rahimova hamkasbi bilan ovsin bo‘lgan. U va xonanda Shahlo Rustamova farg‘onalik aka-ukalarga turmushga chiqqan.

Javohir Zokirov va Ohista Jamshid

Kollaj: «Daryo»
Zokirovlar sulolasining Ohista Jamshid taxallusida ijod qiluvchi vakili borligini ko‘pchilik bilmaydi. Taniqli aktyor Javohir Zokirovning singlisi bo‘lgan Ohista Jamshid qo‘shiqchi sifatida o‘z auditoriyasiga ega. Jonli ijroda qo‘shiqlar aytadigan xonanda turli davra va sahnalarda sulola vakili ekanligini aytishni istamaydi.

Opa-uka Bekjonovlar

Kollaj: «Daryo»
«Aristokratlar» jamoasining 27 yoshli a’zosi va teleboshlovchi Diyorbek Bekjonov taniqli dublyaj aktrisasi Dildora Bekjonovaning ukasidir. Ular ustoz san’atkorlar – Mehri va Aleksandr Bekjonovlarning farzandlari bo‘ladi.

Muallif: Mirolim Isajonov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Qarindosh ekanini ko‘pchilik bilmaydigan o‘zbek san’atkorlari (foto)