
Bugun, 12 aprel kuni 75 yoshini qarshi olgan Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻraev “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi. Bu borada prezident Shavkat Mirziyoevning farmoni e'lon qilindi.
Farmonda Sherali Joʻraevning “noyob iste'dodi, koʻp yillik samarali va betakror ijodi bilan oʻzbek qoʻshiqchilik san'atini va milliy madaniyatimizni rivojlantirish, uning shon-shuhratini dunyo xalqlari oʻrtasida keng targʻib etishga qoʻshgan beqiyos hissasi, mustaqilligimizning ma'naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, yosh iste'dod egalarining qobiliyatini roʻyobga chiqarish borasidagi katta xizmatlari, ijtimoiy hayotdagi va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki” e'tirof etilgan.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili Sherali Joʻraev prezident qarori asosida yangi tashkil etilgan “Vatandoshlar” jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi etib tayinlangan edi.
Fond faoliyati xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga qaratilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!