Ko‘chmas mulk va avtomobilni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdori kamaytirildi

Ko‘chmas mulk va avtomobilni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdori kamaytirildi
Prezident tomonidan 6 dekabr kuni imzolangan qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Endilikda davlat boji yangi miqdorlarda undiriladi. Xususan, ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun:
  • agar ko‘chmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida joylashgan bo‘lsa, BHM 1 baravari (ilgari ko‘chmas mol-mulk umumiy maydoniga qarab BHM 1 baravaridan 3 baravarigacha);
  • agar ko‘chmas mol-mulk boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa, BHM 50 foizi (ilgari ko‘chmas mol-mulk umumiy maydoniga qarab BHM 50 foizidan 1,5 baravarigacha).

Mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartishlar kiritganlik uchun:
  • mulkdor xotiniga (eriga), uning va xotini (eri) ota-onasi, bolalari va ular eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa-singillariga – BHM 10 foizi (ilgari BHM 25 foizi);
  • jismoniy shaxslar uchun – BHM 25 foizi (ilgari BHM 50 foizi);
  • yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa – BHM 50 foizi (ilgari BHM 1 baravari);
  • mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHM 25 foizi (ilgari BHM 50 foizi).

Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:
  • jismoniy shaxslar uchun – BHM 1 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHM 1 baravaridan 2 baravarigacha);
  • yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa – BHM 2 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHM 2 baravaridan 4 baravarigacha);
  • qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHM 25 foizi (ilgari shartnoma summasiga qarab BHM 25 foizidan 1 baravarigacha).

Avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi:
  • avtomototransport vositalari uchun – BHM 3 baravari (ilgari transport vositasi dvigateli quvvati, ya’ni ot kuchiga va ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHM 2 baravaridan 10 baravarigacha);
  • bitta mototransport, motoaravacha, motoqayiq uchun – BHM 25 foizi (ilgari ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHM 10 foizidan 50 foizigacha).

Avtomototransport vositalarini boshqarishga va tasarruf qilishga oid ishonchnomalarni, avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:
  • mulkdor xotiniga (eriga), uning va xotini (eri) ota-onasi, bolalari va ular eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa- singillariga, jiyanlariga – BHM 50 foizi;
  • boshqa shaxslarga – BHM 2 baravari (ilgari BHM 3 baravari).

Qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summalarini undirish to‘g‘risidagi ijro varaqalarini berganlik uchun davlat boji belgilangan stavka 50 foizi miqdorida undiriladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar