date

Kuvaytdan O‘zbekistonga noyob yoqut toshlar yuborilishi kelishildi

Kuvaytdan O‘zbekistonga noyob yoqut toshlar yuborilishi kelishildi
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Kuvaytga amalga oshirgan ilmiy-ijodiy safari davomida muhim kelishuvlarga erishildi. Safar doirasida delegatsiya “Islom meroslari uyi” hamda “Toriq Rajab muzeyi”da bo‘lib, dunyo ahamiyatiga ega noyob artefaktlarni yurtimizdagi global ko‘rgazmada namoyish etish masalalarini muhokama qildi.

Tashrif chog‘ida muzey ko‘rgazmalari koordinatori doktor Hadiyl Xalil Rashad bilan muzokaralar olib borildi. Unda 2025 yilda Toshkentda ochilishi kutilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi doirasida o‘tkaziladigan “O‘zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi” nomli xalqaro ko‘rgazmaga tayyorgarlik mavzusida fikr almashildi.

Muzokaralarda Boburiylar davriga oid tarixiy yoqut toshlar, yuvelir buyumlar va boshqa qimmatbaho artefaktlarni O‘zbekistonga olib kelish, ularni ekspozitsiyaga joylashtirish, xavfsiz shart-sharoitlarni ta’minlash kabi muhim jihatlar kelishib olindi. Qayd etish joizki, ko‘rgazma eksponatlari uchun xalqaro standartlarga mos maxsus vitrinalar tayyorlanmoqda. Bu ishda Italiyaning Goppion hamda Germaniyaning Glasbau Hahn kabi yetakchi kompaniyalar ishtirok etmoqda.

Muzeylar o‘rtasidagi hamkorlik natijasida transportirovka, qadoqlash va vaqtinchalik saqlash ishlari yuzasidan ham kelishuvga erishildi. Kuvayt tomoni ushbu jarayonlarni to‘liq o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.

Kunning ikkinchi yarmida Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi “Toriq Rajab muzeyi” rahbarlari — Ziyad Rajab va Nur Rajab bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida muzeyda saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq noyob artefaktlar haqidagi kitob-albomni tayyorlash rejalari muhokama qilindi. Ziyad Rajab xalqaro ko‘rgazmada namoyish etiladigan eksponatlar tanlab qo‘yilganini va yaqin kunlarda rasmiy taqdim etilishini ma’lum qildi.

Shu tariqa, Kuvaytdagi ikki yirik muzey va bir xususiy kolleksiya xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etadi. Barcha eksponatlarning sug‘urta, qadoqlash va tashish ishlari muvofiqlashtirilib, yurtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga yetkazilishi ta’minlanadi.

Bu hamkorlik nafaqat madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, balki o‘zbek xalqining boy tarixiy merosini jahon hamjamiyatiga yanada kengroq tanitadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Kuvaytdan O‘zbekistonga noyob yoqut toshlar yuborilishi kelishildi