date

O‘zbekistonda havo harorati 44 darajagacha ko‘tarilishi mumkin

O‘zbekistonda havo harorati 44 darajagacha ko‘tarilishi mumkin
Ish haftasining dastlabki kunlarida mamlakatimizda nisbatan barqaror va biroz issiq ob-havo saqlanishi kutilmoqda. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, shanba kuniga qadar yurtimizda juda issiq ob-havo sharoiti hukm suradi, deb xabar berdi uzgidromet.uz.

13–16 iyul kunlari kunduzgi harorat ko‘pgina viloyatlarda +36…+39 darajada bo‘lib, ayrim joylarda, xususan, respublika janubi va cho‘l hududlarida +40…+42 darajagacha ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda.

Haroratning yangi bosqichdagi ko‘tarilishi esa haftaning ikkinchi yarmida — 17 iyuldan boshlanishi kutilmoqda. Bu kunlarda termometr ustuni mamlakatning barcha mintaqalarida yanada yuqoriroq ko‘rsatkichlarni qayd etishi mumkin. Jumladan, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida harorat +44 darajagacha yetishi ehtimoli yuqori.

Qisqa vaqtli yomg‘ir faqat tog‘larda kutilmoqda

Ob-havo sharoiti umumiy holda quruq va yomg‘irsiz kechadi. Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmayapti. Faqat 14–16 iyul kunlari ayrim baland tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Shamol tezligi oshib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin

Kunning issiq va qurg‘oq ob-havosi bilan birga, ayrim joylarda shamolning kuchayishi ehtimoli ham yuqori. Hususan, shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha yetib, chang ko‘tarilishi va havo shaffofligining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Poytaxt Toshkentda ham havo ancha qiziydi

Toshkent shahrida ham ob-havo ancha issiq bo‘ladi. 14–16 iyul kunlari kechalari harorat +22…+24 daraja atrofida saqlansa, kunduz kunlari +37…+39 darajagacha yetishi kutilmoqda.

17 iyuldan esa harorat yanada yuqorilab, tunlari +25…+27 darajagacha, kunduz kunlari esa +40…+42 darajani tashkil qiladi. Ob-havo asosan biroz bulutli, lekin yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi.

Aholidan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda

Mutasaddi tashkilotlar aholidan issiq kunlarda ehtiyot bo‘lishni, shu jumladan, soya joylarda qolishni, yetarli suyuqlik iste’mol qilishni, zarurat bo‘lmasa to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlarida yurmaslikni tavsiya etmoqda.

Ayniqsa, keksalar, bolalar va yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan shaxslar uchun bu kunlardagi havo noqulay bo‘lishi mumkin. Shu boisdan, tibbiy tavsiyalarga amal qilish va salomatlikka jiddiy e’tibor qaratish zarur.[left][/left]
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda havo harorati 44 darajagacha ko‘tarilishi mumkin