
Avgust oyining ilk kunlaridan boshlab, Xorazm viloyati yana bir bor sayyohlar va mahalliy aholi diqqat markazida bo‘ladi. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilayotgan an’anaviy “Qovun sayli” bu yil yanada katta ko‘lamda o‘tkazilishi kutilyapti, deb xabar berdi uzbektourism.uz.
Mazkur festival doirasida viloyatning barcha shahar va tumanlari o‘z hududlarida yetishtirilgan turfa xil qovunlar ko‘rgazmasi va savdosini tashkil etadi. Pavilonlar milliy an’analar, hududiy uslub va rang-baranglik asosida bezatilib, har bir mehmonni o‘ziga tortadigan bayram muhitini yaratadi.
Faqatgina shirin qovunlar emas — bu festivalda milliy madaniyatning har bir jihati namoyon bo‘ladi. Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, qo‘g‘irchoq teatri namoyishlari, milliy liboslar defilesi, mashhur Xorazm nonlari va o‘zgacha ta’mga ega taomlar savdosi hamda hunarmandlar ko‘rgazmalari — bularning barchasi “Qovun sayli”ning yorqin mazmunini to‘ldiradi.
Shuningdek, folklor guruhlari va badiiy jamoalar tomonidan jonli ijroda kuy va qo‘shiqlar yangraydi. Tasviriy va amaliy san’at asarlari bilan qiziquvchilar uchun esa maxsus ko‘rgazma tashkil etiladi. Bolajonlar uchun esa qulay va qiziqarli maydonlar, mahorat darslari tayyorlab qo‘yiladi.
Sayilda faol qatnashganlar turli nominatsiyalar bo‘yicha Xorazm viloyati hokimligi hamda homiylar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Bu nafaqat qatnashchilar uchun rag‘bat, balki har yili ushbu festivalga bo‘lgan qiziqishning oshib borishiga ham turtki bo‘ladi.
Festivalning eng shiddatli va kutilgan pallasi — 8–9 avgust kunlari Xivaning tarixiy “Ichan qal’a” majmuasida, hamda 10 avgust kuni “Arda Xiva” turizm majmuasida bo‘lib o‘tadigan gala konsertlardir. Ularda mahalliy va xorijiy yulduzlar tomonidan jonli ijro namoyish etiladi, bu esa sayilning ta’sirchan kayfiyatini yanada boyitadi.
Bu nafaqat qovun sayli, balki xalq hayoti, san’ati, madaniyati va mehmondo‘stligining yorqin namoyoni hamdir. Sayilda ishtirok etish — nafaqat mazali qovunlardan bahra olish, balki o‘zbek xalqining qadimiy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati ham demakdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar