date

Samarqand tarixiga yana 500 yil qo‘shildi

Samarqand tarixiga yana 500 yil qo‘shildi

Navbatdagi sessiyada Samarqand viloyati xalq deputatlari kengashi Samarqand shahrining yoshini 3000 yil deb belgilash qarorini qabul qildi, deb Kursiv.media xabar berdi.

Bu xulosaga Afrosiyob va Ko‘ktepa yodgorliklari hamda Ko‘ksaroy maydonidagi Amir Temur qasri joylashgan hududlarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar asosida kelindi.

Samarqand arxeologiya instituti direktori Muminxon Saidov ta’kidlashicha, shahar tarixi 150 yildan ortiq vaqtdan beri o‘rganib kelinmoqda.

Avvallari Samarqandga 1500 yil deb hisoblangan, keyinchalik 2000 yil deb belgilangan. 1970 yilda uning yoshi 2500 yil deb e’lon qilingan, 2000-yillar boshida esa o‘zbek-fransuz ekspeditsiyasi 2750 yil deb baholagan.

Biroq 2024 yilda Samarqanddan 25 km uzoqlikda joylashgan Ko‘ktepadagi yangi arxeologik ma’lumotlar asosida yana bir bor uning tarixi qayta ko‘rib chiqildi.

Tadqiqotchilar M. Isomidinov, Claude Rapin va M. Hasanov yangi va avvalgi topilmalarni tahlil qilib, shahar miloddan avvalgi I ming yillik boshlarida shakllangan urbanizatsiya markazi ekanligini aniqlashdi.

Sessiya doirasida taqdimot ham o‘tkazildi. Unda Samarqand hududida shahar hayotining boshlanishi miloddan avvalgi II ming yillik oxiri va I ming yillik boshlariga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida ushbu ilmiy yangiliklar, materiallar va hujjatlar maxsus idoralarga o‘rganish va saqlash uchun topshirilishi belgilandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Samarqand tarixiga yana 500 yil qo‘shildi