Mamlakatimizda qurilish sohasida seysmik xavfsizlik va zilzilabardoshlikni ta’minlashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar haqida muhim xabar e’lon qilindi. Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, endilikda davlat nazorati va boshqaruvi yanada takomillashtiriladi.
Hujjatda Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura va Adliya vazirligining takliflari qo‘llab-quvvatlandi. Unga binoan, obyektlarni tezkor – Fast-track usulida qurishga ruxsat berish amaliyoti to‘liq bekor qilinadi. Maqsad – qurilish jarayonlarini to‘liq nazorat qilish va xavfsizlikni kafolatlash.
Yangi qoidalar va huquqiy asoslar yaratiladi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi birgalikda tegishli qonun va normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha loyihalar tayyorlaydi. Bu o‘zgarishlar quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- Qurilish reglamentlari, milliy me’yorlar va smeta-resurs normalarining aniq huquqiy maqomini belgilash.
- Master-rejalarning huquqiy maqomi va unga amal qilmaganlik uchun javobgarlik choralarini joriy etish.
- Obyektlarning murakkablik va seysmik xavf kategoriyalarini uyg‘unlashtirib, yagona toifa shakllantirish va uni hukumat qarori bilan tasdiqlash.
- Kapital qurilishda xarid hujjatlarini tayyorlash faoliyatini litsenziya talabidan chiqarish.
- Loyiha va smeta hujjatlarini ishlab chiqish litsenziyasi muddatini obyekt xavflilik darajasiga ko‘ra belgilash.
Litsenziya tartibini kuchaytirish
Yangi tartibga ko‘ra, agar litsenziya talablari buzilsa, Qurilish vazirligi tashkilot litsenziyasini olti oygacha to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Shuningdek:
- Agar yuridik shaxsning litsenziyasi bekor qilinsa, ta’sischilar va rahbarlar bir yil davomida yangi litsenziya ololmaydi.
- Litsenziya olishda shtatda yoki o‘rindoshlik asosida ishlaydigan mutaxassislarga aniq talablar qo‘yiladi: kompetensiya sertifikatlari, amalga oshirilgan ishlar portfoliosi va litsenziya toifasiga mos malaka.
Mualliflik nazorati kuchayadi
Loyihachining mualliflik nazorati ham samaraliroq bo‘ladi. Endilikda nazorat muhandisini aniq belgilash va nazorat shartnomasini alohida rasmiylashtirish talab etiladi. Bu qurilish jarayonida har bir bosqichda aniq mas’ul shaxs bo‘lishini ta’minlaydi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, ushbu choralar nafaqat qurilish sifati va xavfsizligini oshiradi, balki fuqarolarning hayoti va mulkini tabiiy ofatlardan himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi. Shu bilan birga, yangi tizim investorlar va pudratchilar uchun ham aniq va adolatli qoidalarni belgilab beradi.