1 sentyabr kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Tianjin shahrida o‘tkazilgan sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, tashkilot doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Davlat rahbarining fikricha, ShHTning samarali faoliyati va global nufuzini oshirish bugungi zamonda juda katta ahamiyatga ega.
Prezident ilgari surgan tashabbuslar orasida quyidagilar alohida o‘rin tutadi:
— ShHT institutlari samaradorligini oshirish va uni Global Janub mamlakatlari hisobiga kengaytirish;
— yadro xavfsizligi masalalari bo‘yicha deklaratsiya qabul qilish;
— ichki ishlar vazirlari kengashi faoliyatini qayta tiklash;
— 2030 yilgacha mo‘ljallangan giyohvandlikka qarshi kurash dasturini ishlab chiqish;
— «ShHT–Afg‘oniston» muloqot guruhi ishini jonlantirish;
— savdo jarayonlarini yengillashtirish bo‘yicha bitimni imzolash;
— strategik materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish;
— ShHT Energetika konsortsiumini barpo etish.
Shuningdek, davlat rahbari venchur kompaniyalar va jamg‘armalar tarmog‘ini shakllantirish, maxsus elektron investitsiya portali yaratish, transport-tranzit yo‘laklarini (Shimol–Janub va Sharq–G‘arb) rivojlantirish, “ShHT yagona transport makoni”ni barpo etish va uni «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi bilan uyg‘unlashtirish taklifini bildirdi.
Mirziyoyev iqlim o‘zgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya jarayonlari va ekologik xavf-xatarlarni oldindan bashorat qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan mintaqaviy platformani ishga tushirish zarurligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, davlat rahbari ShHT makonida xalq ijodi xalqaro festivalini o‘tkazish, «ShHT universiteti»ning onlayn kampusini ochish, yoshlar va talabalar o‘rtasida turli tanlov hamda olimpiadalar tashkil etish kabi madaniy va ma’rifiy yo‘nalishdagi loyihalarni ham taklif qildi. Shu bilan birga, “Sayyohlik yo‘lagi” va “Tibbiyot turizmi alyansi” tashabbuslari tashkilot faoliyatida yangi sahifa ochishi mumkinligi ta’kidlandi.
Sammitda yana bir muhim qaror qabul qilindi — Toshkent shahrida ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi asosida xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markaz tashkil etiladi. Shuningdek, uning huzurida Axborot xavfsizligi markazi ham faoliyat yuritadi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, mazkur qarorlar xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga ko‘taradi hamda ShHTning global siyosiy jarayonlardagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!