Qozog‘istonning «Tajen» (Qoraqalpog‘istondagi «Dovut ota») chegara o‘tkazish punkti orqali chegarani kesib o‘tishga qo‘yilgan cheklov 2025-yilning 31-dekabrigacha uzaytirildi. Bu haqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi rasmiy ma’lumot berdi.
Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, «Tajen» (O‘zbekiston Respublikasining «Dovut-ota» chegara bojxona postiga tutash) orqali jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar, hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk mashinalari harakati bo‘yicha 2025-yil 1-fevraldan kiritilgan cheklovlar yil oxiriga qadar amal qiladi.
Muddatning uzaytirilishi chegara punktidagi ikkinchi bosqich qurilish ishlari bilan bog‘liq. Xususan, ma’muriy binolarda kapital ta’mirlash, shuningdek, yo‘l qoplamalarida betonlash ishlari olib borilmoqda.
Biroq, ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq yuk mashinalari «Tajen» (Qozog‘iston) – «Dovut ota» (O‘zbekiston) chegara o‘tkazish punkti orqali harakat qilish imkoniyatiga ega.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi jismoniy shaxslar uchun «Qoraqalpog‘iston» temir yo‘l punkti orqali «Nukus-Beyneu» yo‘nalishida qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Bu chora chegaradan tez va qulay o‘tishni ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tish lozimki, mazkur nazorat-o‘tkazish punktlari orqali harakatlanish bir necha oy davomida to‘xtatilgan edi. Boshlang‘ichda jarayon 2025-yil 1-fevraldan uch oyga cheklangan, keyin esa uzaytirilib 1-sentyabrgacha davom etgan. Endi esa yil oxirigacha barcha chegara harakatlari cheklovlar bilan amal qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!