O‘zbekistonda turizm sohasi so‘nggi sakkiz yil ichida ulkan o‘sishga erishdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi olib borgan tahlillarga ko‘ra, mamlakat 2017–2024 yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator islohotlarni amalga oshirdi. Markazning bosh ilmiy xodimi Afzal Artikov ta’kidlaganidek, bu davrda turizm iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Avvalo, vizaviy tartiblar soddalashtirildi, infratuzilma yangilandi va sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Buning natijasi darhol ko‘rina boshladi: xorijiy turistlar soni qariyb to‘rt baravarga ko‘paydi, xizmatlar eksporti esa 10 barobardan ortiq o‘sdi. Shu bilan birga, sohada ish o‘rinlari ikki barobarga oshib, 391 ming kishini bandlik bilan ta’minladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston brendi xalqaro maydonda faol targ‘ib qilindi. Xitoy, Yevropa va Shimoliy Amerikada yirik kompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Samarqandda BMTning Turizm bo‘yicha Bosh assambleyasi, Xivada esa “Islom dunyosining turizm poytaxti” anjumani o‘tkazilishi mamlakat imijini yanada mustahkamladi. Shuningdek, “Toshkent City”, “Samarkand turizm markazi”, “Afsonalar vodiysi” kabi yirik majmualar foydalanishga topshirildi.
2024 yil natijalari ham turizmdagi sakrashni yaqqol namoyon etdi: mamlakatga kelgan xorijiy sayyohlar soni 10,1 millionga yetdi, ichki turizm oqimi esa 22 milliondan oshib ketdi. Bu davrda turizm eksporti umumiy hisobda 10,7 milliard dollarni tashkil etdi.
Mutaxassislar fikricha, bunday ko‘rsatkichlar turizmni yaqin yillarda iqtisodiy o‘sishning “lokomotivi”ga aylantirishi mumkin. Chunki sayohat industriyasi nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratadi, balki mamlakatni xalqaro maydonda yanada tanitadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!