Mamlakatimizda aholi uchun qulaylik yaratish va shaffoflikni kuchaytirish maqsadida yangi tizim yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 587-sonli qaroriga asosan nogironlikni belgilash jarayoni to‘liq elektron shaklga o‘tkazilmoqda. Ushbu tartib orqali inson omilining ta’siri keskin kamayadi, aholi uchun esa yanada qulay imkoniyatlar yaratiladi.
Endilikda nogironlik guruhi va uning muddatini aniqlash masalalariga murojaat qilish faqat tuman markaziy poliklinikalari orqali emas, balki “Inson” markazlari, mahalliy ijtimoiy xodimlar, my.gov.uz elektron portali hamda oilaviy shifokorlar orqali ham amalga oshiriladi.
2025-yil 1-apreldan boshlangan tajriba-sinov jarayoni doirasida Toshkent shahri va Navoiy viloyatida jami 12,5 mingta ariza qabul qilingan. Ulardan:
– “Inson” markazlari orqali – 6,5 ming (52,4 foiz),
– oilaviy shifokorlar orqali – 5,9 ming (47,5 foiz),
– elektron portal orqali – 17 ta (0,1 foiz).
Avvalgi tizimda mavjud bo‘lgan yagona majburiy davolanish muddati bekor qilindi. Yangi tartibda esa bemorning kasallik turi va salomatlik holatiga qarab individual muddat belgilanadi. Xususan:
– 22 holat (1 foiz) uchun – 30 kun,
– 201 holat (8 foiz) uchun – 60 kun,
– 237 holat (10 foiz) uchun – 90 kun,
– 788 holat (33 foiz) uchun – 120 kun,
– 1 141 holat (48 foiz) uchun esa umuman davolanish muddati talab qilinmaydi.
Shuningdek, sirtdan nogironlik belgilanadigan kasalliklar ro‘yxati ham kengaytirildi. Agar avval 48 turdagi kasallik kiritilgan bo‘lsa, yangi tartibda ularning soni 60 taga yetkazildi.
Yangi elektron tizim nogironlikni belgilash jarayonida yagona standartlarni joriy qiladi. Buning orqali nogironlik guruhi, muddati, bemorning o‘zgalar ko‘magiga ehtiyoji, reabilitatsiya va protez moslamalariga muhtojlik haqidagi barcha ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Tizim dastlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida ish boshlaydi. 2025-yil 1-oktyabrdan esa uning qo‘llanilishi mamlakatning barcha hududlariga bosqichma-bosqich kengaytiriladi.
Bu yangilik fuqarolar uchun ham, tibbiyot xodimlari uchun ham katta yengillik yaratadi. Chunki jarayon to‘liq raqamlashtirilgan holda shaffof va tezkor amalga oshiriladi, odamlar esa ortiqcha qog‘ozbozlik va navbatlarda vaqtini yo‘qotmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!