16:57 / 23.12.2016
7 755

Xususiy tadbirkorlik manfaatlari ustuvorligini ta’minlash

Xususiy tadbirkorlik manfaatlari ustuvorligini ta’minlash

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ­O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlash, bu soha ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratib berish oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri ekanligi alohida ta’kidlandi. Zero, Prezidentimiz qayd etganidek, tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi. Xalq boy bo‘lsa, ­davlat ham boy va qudratli bo‘ladi.

Tadbirkorlik, kichik biznes rivojining beqiyos ahamiyati haqida gap borar ekan, shuni qayd etish kerakki, ushbu soha mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shu sababli istiqlol yillarida odamlarni tadbirkorlik, ishbilarmonlik, kichik biznes sohasiga jadal jalb qilish, ularning xu­susiy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda zarur shart-sharoitni yaratib berishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar hayotga tatbiq qilindi. Pirovardida jamiyatni siyosiy, iqtisodiy va kerak bo‘lsa, ma’naviy jihatdan yangilashning mazmun-mohiyatini belgilab beradigan o‘rta — mulkdorlar sinfini shakllantirish vazifasi uddalandi. Asosiysi, mulkdorlar sinfini shakllantirish orqali odamlarning mehnatga bo‘lgan munosabati, tafakkur tarzi, aholining mentaliteti hamda ­dunyoqarashini ham muayyan darajada o‘zgartirishga ­muvaffaq bo‘lindi.

Xususan, yaqinda qabul qilingan tadbirkorlik ­faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ­ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga oid farmonlar soha ravnaqida yangi bosqichni boshlab berdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda parlament tomonidan ushbu farmonlar asosida qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayapti.

Albatta, faqatgina qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritish bilan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Ayni vaqtda qonunlarning to‘liqligi, hayotiyligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish mexanizmlariga ega bo‘lishini ta’minlash, ularning islohotlar samarasiga amaliy ta’siriga erishish zarur. Chunki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, qonun hujjatlarining ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishdagi roli pastligicha qolishi mamlakatimiz qonunchilik tizimiga fuqarolarimiz, tadbirkorlar, qolaversa, chet el investorlarining ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkin.

Davlatimiz rahbari nutqida parlament faoliyatini yanada takomillashtirish borasida belgilab berilgan vazifalarning hayotga samarali tatbiq etilishi ham xususiy mulk va xu­susiy tadbirkorlik kafolatlarini amalda ta’minlash, sohaning taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan omillarni barvaqt aniqlash va hal qilish imkonini beradi. Bugungi kunda parlament quyi palatasi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi asosiy chora-tadbirlar belgilab olinayapti.

Xususan, parlament va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini shakllantirish maqsadida xalq deputatlari Kengashlari bilan hamkorlikda joylardagi vaziyatni o‘rganib, rahbarlar hisobotining eshitilishi, avvalambor, mahalliy Kengashlar faolligini oshiradi, ayni paytda mahalliy boshqaruv organlari javobgarligini kuchaytiradi. Bu esa jamiyatga o‘zining kuchli ta’sirini ko‘rsatishi tabiiydir.

“Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunning amaldagi ijrosini ta’minlashga qaratilgan monitoring ishlarini tashkillashtirish, bu borada mavjud bo‘lgan xorijiy tajribani o‘rganib, milliy shart-sharoitdan kelib chiqqan holda joriy qilish yana bir muhim vazifa sifatida belgilanmoqda. Bular haqida atroflicha mulohaza yuritib, oldimizda turgan amaliy ishlarni rejalashtirib olishimiz zarur.

Bunday ishlar, asosan, bugungi kunda iqtisodiyotimizning muhim bo‘g‘ini hisoblangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, ayniqsa, chet el investorlari bilan ish olib borayotgan yoki turizm sohasida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarimizning zaruriyat va manfaatlaridan kelib chiqib amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir. Ushbu yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirish respublika markazi kabi fuqarolik jamiyati institutlari ekspertlari bilan hamkorlikni kengaytirish faoliyatimizda muhim o‘rin tutadi.

Oliy Majlis deputatlari tomonidan iqtisodiy taraqqiyotning kuchli asoslarini yaratishda xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sanoat, transport, turizm va boshqa sohalarga oid amaldagi hamda qabul qilinayotgan qonunlarning ijrosini ta’minlash, ularning samarali huquqiy mexanizmlarini yaratish borasidagi qonun ijodkorligi va parlament nazorati doirasidagi ishlarni yanada faollashtirish davr taqozosidir.

Dilorom FAYZIEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O`zLiDeP fraksiyasi a’zosi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Xususiy tadbirkorlik manfaatlari ustuvorligini ta’minlash