Samarqand shahrida ko‘p qavatli uy qurilishi vaqtida yer cho‘kishi oqibatida yo‘l bo‘yida turgan yuk mashinasi chuqurga qulab ketdi. Hodisa xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagani sabab yuz bergan, deb yozmoqda uz24 nashri.
Qurilish chuquri tasdiqlangan loyiha va xavfsizlik talablariga rioya qilinmasdan qazilgan. Bu esa yo‘l yaqinida yerning cho‘kib tushishiga olib kelgan.
Qurilishni “Samarqand Oxygen Service” kompaniyasi olib bormoqda. U buzilgan ishlab chiqarish binolari o‘rnida turar-joy qurmoqda.
Pudratchi “Bag‘dod” ko‘chasidagi 10 va 26-uylar orasidagi yo‘lni o‘z boshimchalik bilan toraytirib, transport va piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirgan. 22-sentyabr kuni inspeksiya kamchiliklarni 15 kun ichida bartaraf etish haqida ko‘rsatma bergan.
Agar bu ko‘rsatmaga amal qilinmasa, kompaniya Ma’muriy javobgarlik kodeksiga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Mahalliy fuqarolar qurilish ishlari davom etayotganini, ammo xavfsizlik choralari ko‘rilmaganini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!