O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yangi raqamli tizim joriy etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktyabr kuni “Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar berdi rasmiy manbalar.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-martdan boshlab yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish texnik jihatdan imkonisiz bo‘ladi. Raqamli yorliqqa ega tovarning QR kodi skanerlanganda, agar uning muhlati tugagan bo‘lsa, to‘lov tizimi avtomatik ravishda bloklanadi va sotuv amalga oshmaydi.
Bu chora nafaqat sifatsiz mahsulotlar aylanishini cheklaydi, balki iste’molchilar salomatligini muhofaza qilish va bozordagi shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda raqamli markalash tizimi tamaki va alkogol mahsulotlari, dori vositalari, maishiy texnika, tibbiy buyumlar va ichimliklar kabi tovarlarga joriy etilgan. Milliy katalogda 115 mingdan ortiq mahsulot ro‘yxatga olingan.
Shu bilan birga, 2025-yil 15-oktyabrdan 2027-yil 1-yanvargacha nodavlat tashkilotlar ishtirokida “sirli xaridorlar” orqali test xaridlari o‘tkaziladi. Bu tajriba orqali bozordagi qonunbuzarliklar va iste’molchi huquqlarini poymol qilish holatlari aniqlanadi.
Bundan tashqari, 2024-yil 1-dekabridan yangi elektron platforma ishga tushiriladi. U iste’molchilarning murojaatlarini tezkor va shaffof ko‘rib chiqishga xizmat qilib, davlat idoralari, tadbirkorlar va jamoatchilik o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlaydi.
Yangi tizim orqali bozorda sog‘lom raqobat muhiti yaratilishi, fuqarolarning ishonchini mustahkamlash va sifatsiz mahsulotlar aylanishiga chek qo‘yish kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!