Dubay amirligining merosxo‘r shahzodasi Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktum an’anaviy lochin ovini uyushtirish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Uning shaxsiy Boeing 747 samolyoti 11 oktyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ngani ma’lum qilindi.
Shahzoda Hamdan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Navoiy viloyatidagi ov jarayonidan fotosuratlarni e’lon qildi. U har yili shu hududda lochinlar bilan ov uyushtirishi bilan tanilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy shahridan taxminan 50 kilometr uzoqlikda Birlashgan Arab Amirliklariga tegishli tuvaloq yetishtirish markazi joylashgan. Bu markaz 2008 yil aprel oyida Dubay amiri va BAA vitse-prezidenti Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum tashabbusi bilan tashkil etilgan.
Shahzoda Hamdan – 1982 yilda tug‘ilgan bo‘lib, u Dubay amirining o‘g‘li va amirlikning rasmiy vorisi hisoblanadi. U sport, sayohat va tabiatga bo‘lgan mehri bilan keng jamoatchilik orasida katta qiziqish uyg‘otgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!