
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbarining o‘rinbosari Olim Abdullayev Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi (ICMPD) mintaqaviy direktori Radim Zak bilan muzokara o‘tkazdi. Suhbatning asosiy mavzusi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ishga ketayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar uchun viza olish jarayonlarini yengillashtirish va migratsiya sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘ldi.
Viza va tayyorgarlik jarayonlarini yengillashtirish
Muzokaralar davomida migratsiya siyosatini yaxshilash, Yevropa Ittifoqi davlatlariga ishlash maqsadida ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talablarini soddalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarning markaz ta’lim dasturlarida kengroq ishtirok etishi haqida fikr almashildi. Markaz hukumatlararo hujjatlarni tezlashtirilgan tartibda muvofiqlashtirishga yordam berish, shuningdek, Yevropa mehnat bozori talablariga mos keluvchi qayta o‘qitish dasturlarini kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.
Hamkorlikning yangi bosqichi: Doimiy vakolatxona
Uchrashuvning eng muhim natijasi O‘zbekistonda Markazning to‘laqonli vakolatxonasini tashkil etish bo‘yicha ma’qul qarorga kelingani haqidagi xabar bo‘ldi. Bu ICMPD'ning O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va strategik hamkorlikni rivojlantirish niyatidan dalolat beradi.
Radim Zak o‘z navbatida, muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar, jumladan, Shvetsiyadan qaytayotgan fuqarolarni barqaror reabilitatsiya va reintegratsiya qilish mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy aloqalarni mustahkamlash niyatini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi (ICMPD) 1993 yilda tashkil etilgan va bugungi kunda migratsiya sohasida zamonaviy yondashuvlarni ilgari surish bo‘yicha yetakchi xalqaro platforma hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.