
O‘zbekistonda madaniy meros obyektlari va muzeylar faoliyatini tamoman yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish va sayyohlar oqimini keskin oshirishga qaratilgan navbatdagi muhim qaror loyihasi tayyorlanmoqda. Vazirlar Mahkamasi tasdiqlashi kutilyotgan ushbu hujjat mamlakat muzeylarida xizmatlar qamrovini kengaytirish, zamonaviy raqamli yechimlar orqali tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik yaratishni maqsad qiladi.
Loyihaga ko‘ra, endilikda muzey va ziyoratgohlarga “virtual sayohat” qilish imkoni paydo bo‘ladi. Tashrif buyuruvchilar QR-kodlar orqali eksponatlar haqida batafsil ma’lumot oladi, maxsus mobil ilovalar orqali esa chipta xarid qilishdan tortib, boshqa xizmatlardan foydalanishgacha barcha jarayonlarni bir zinada amalga oshira oladi.
Qaror loyihasida madaniy meros salohiyatini oshirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlanadi. Bu vazifalarni hamohanglikda amalga oshirish uchun maxsus Tashkiliy qo‘mita tuzilib, unga “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va barcha mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish yuklatiladi.
Madaniy meros agentligi, Fanlar akademiyasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda hududiy hokimliklar quyidagi yo‘nalishlarda juda muhim vazifalarni bajaradi:
– muzey va arxeologiya obyektlariga kirish chiptalarini to‘liq raqamlashtirish va BOYAET yagona elektron tizimiga ulash;
– muzey fondlarida saqlanayotgan ashyolar, kolleksiyalar va arxiv materiallarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish;
– obyektlarga yo‘naltiruvchi ko‘rsatkichlar, interaktiv xaritalar va QR-kodli ma’lumotlar o‘rnatish;
– davlat muzeylari uchun «virtual sayohat» platformalarini ishlab chiqish va joriy etish;
– har bir muzeyning shaxsiy brendi — museum brandbook yaratish, rasmiy saytlarni tubdan yangilash, mobil ilovalar ishlab chiqish.
Shu bilan birga, turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida infoturlar tashkil etish, xorijiy va mahalliy turistik kompaniyalarni faol jalb qilish, chipta narxlarini maqbullashtirish, ekspozitsiyalarni zamonaviy formatda qayta ishlash kabi vazifalar ham rejadan o‘rin olgan.
Yakunda aytish mumkinki, mazkur qaror madaniy merosni asrab-avaylash bilan birga, uni xalq va sayyohlar uchun yanada ochiq, zamonaviy va jozibador qilib berishga xizmat qiladi. Muzeylar endi shunchaki eksponatlar joyi emas — interaktiv, bilim va taassurot makoniga aylanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.