
Qishloq xo‘jaligida yuqori samaradorlikka erishishning asosiy omillaridan biri — bilimli va zamonaviy tafakkurga ega agronomlar tayyorlashdir. Shu boisdan, mamlakatda yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mutlaqo yangi tizim joriy etilmoqda. Unga muvofiq, mahoratli bilim va amaliyotga ega yosh agronomlar uchun 2 ming dollar miqdorida oylik maosh hamda qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarda kafolatlangan ish o‘rinlari yaratiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bu tashabbus agrar sohada kadrlar sifati va tajribasini oshirishga xizmat qiladi. Ayni paytda Agrar universitetning 180 nafar talabasi dual ta’lim asosida yetakchi fermer xo‘jaliklari va ilg‘or klasterlarda amaliyot o‘tkazyapti. Ularni o‘qitib, amaliyot bilan tanishtirayotgan fermer va klaster rahbarlariga har bir talaba uchun 5 million so‘m kompensatsiya beriladi, talabaning o‘ziga esa oyiga 1,5 million so‘mlik stipendiya tayinlanadi.
Ushbu dasturning eng muhim jihati — tajriba orttirgan yosh mutaxassislarni 167 ta agrar tumanning kafolatli ish o‘rinlariga yo‘naltirishdir. Ular fermer xo‘jaliklarida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, serhosil navlarni ilgari surish, sifatli urug‘chilikni rivojlantirish va xarajatlarni qisqartirish orqali hosildorlikni oshirishga bevosita ko‘maklashadi.
Agronomlar uchun 2 ming dollarlik maosh belgilash esa ushbu sohani yoshlar uchun yanada jozibador kasbga aylantirishi shubhasiz. Bu nafaqat mutaxassislik obro‘sini yuksaltiradi, balki qishloq xo‘jaligida yangi avlod professionallarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash orqali yurtimiz agrar sohasida yangi to‘lqin, yangi sifat va yangi yutuqlar yuzaga kelishi kutilayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.