date

Dam olish kunlari yana qor yog‘ishi kutilmoqda

Dam olish kunlari yana qor yog‘ishi kutilmoqda

Kecha kuzatilgan yog‘ingarchilikdan keyin bugun, kunduzgi soatlarda O‘zbekiston hududining aksar qismida nisbatan barqaror va yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanishi kutilmoqda. «O‘zgidromet» ma’lum qilishicha, kun davomida havo ochiq bo‘lib, tabiat qisqa muddatga bo‘lsa-da, sokinlikka qaytadi.

Harorat ko‘rsatkichlari respublika bo‘ylab 0…+5 daraja atrofida bo‘ladi, janubiy hududlarda esa havo yanada iliqroq bo‘lib, +6…+9 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Biroq dam olish kunlariga kelib vaziyat yana o‘zgaradi. Shanba va yakshanba kunlari O‘zbekiston hududiga nam havo massalarining yangi to‘lqini kirib kelishi kutilmoqda. Natijada respublika bo‘ylab vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi. Kechasi havo harorati 0…–5 darajagacha pasayadi, kunduz kunlari esa 0…+5 daraja atrofida bo‘ladi.

Shamol asosan g‘arb tomondan esadi, ayrim hududlarda o‘rtacha tezlikkacha kuchayishi mumkin. Shuningdek, respublika bo‘ylab ba’zi joylarda tuman tushishi ehtimoli saqlanib qoladi, bu esa yo‘llarda harakatlanishda ehtiyotkorlikni talab qiladi.

Tog‘li hududlarda esa vaqt-vaqti bilan qor yog‘ishi davom etadi. Mutaxassislar ushbu hududlarda qor ko‘chishi xavfi mavjudligini eslatib, aholini ehtiyot choralariga rioya qilishga chaqirmoqda.

Toshkent shahrida bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati +1…+3 daraja bo‘ladi. Shanba kuni poytaxtda asosan qor yog‘ishi, tuman tushishi mumkin. Yakshanba kuni esa kechasi va ertalab biroz qor yog‘ishi ehtimoli bor, kunduzgi soatlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi va kunduzi –2…+3 daraja atrofida bo‘ladi.

Qisqasi, tabiat dam olish kunlarida yana qish qiyofasini eslatadi. Shu bois safar va rejalarni ob-havo sharoitiga qarab tuzish tavsiya etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Dam olish kunlari yana qor yog‘ishi kutilmoqda