date

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi universitet va milliy kutubxona qurilishi bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi universitet va milliy kutubxona qurilishi bilan tanishdi

30 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi yangi binosi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.

Qiymati dastlab 200 million dollarga baholangan universitet majmuasi 50 gektar hududda joylashadi. Loyiha turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan, qurilish ishlarini O'zg'uv'en kompaniyasi olib bormoqda.

Majmua tarkibida 10 ming nafar talaba tahsil olishi mo‘ljallangan besh fakultet, rektorat, mingdan ortiq o‘ringa ega kutubxona, muzey, ko‘rgazma zali va multimedia xonalari bo‘ladi. Shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar uchun ming o‘rinli sport inshooti, 2 ming o‘rinli turar joy binolari, suzish havzasi hamda ovqatlanish shoxobchalari qurilishi rejalashtirilgan.

Yangi oliy ta’lim muassasasi 2027 yildan talaba qabul qilishni boshlashi kutilmoqda.

Bundan tashqari, qariyb 4 gektar maydonda Milliy kutubxonaning yangi binosi ham qurilmoqda. Loyihada milliy me’morchilik an’analari zamonaviy yechimlar bilan uyg‘unlashtirilgani ta’kidlandi.

To‘rt qavatli inshootning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lib, bir vaqtning o‘zida qariyb 1,5 ming kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Kitob fondlarini saqlash, hisobga olish, xavfsizlik va qayta ishlash uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi.

Kutubxona majmuasi yirik xalqaro va milliy kutubxonalar elektron bazalariga onlayn kirishni ham ta’minlaydi. Ko‘rishida nuqsoni bor fuqarolar uchun o‘qish va tadqiqot olib borishga moslashtirilgan alohida muhit yaratiladi. Shuningdek, 300 o‘rinli kafe, galereya, sport maydonchalari va dam olish hududlari ham barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Samarqandda 1911 yilda qurilgan va ta’mirdan chiqariladigan tarixiy binoda joylashadigan bo‘lajak Bolalar kutubxonasi konsepsiyasi taqdim etilgandi. Inshoot Toshkentdagi yangilangan kutubxona tajribasi asosida, tarixiy qiyofa va davr ruhi saqlangan holda restavratsiya qilinishi rejalashtirilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi universitet va milliy kutubxona qurilishi bilan tanishdi