
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida bank tizimini tubdan yangilash, bozor hajmini kengaytirish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan islohotlar belgilangan. Ushbu hujjatga ko‘ra, davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish va banklarni xususiylashtirish rejalashtirilmoqda, davlat ixtiyorida esa atigi 4 ta bankni saqlab qolish nazarda tutilgan.
Loyihaga muvofiq, bank sektorini bozor tamoyillari asosida rivojlantirish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Xususiylashtirish orqali korporativ boshqaruvni kuchaytirish, banklar samaradorligini oshirish va moliyaviy xizmatlar sifatini yaxshilash ko‘zda tutilmoqda. Shu orqali mijozlar uchun qulay va raqobatbardosh moliya bozori shakllanishi kutilmoqda.
Strategiyada moliya bozori faolligini oshirish bo‘yicha aniq raqamli maqsadlar ham belgilangan. Jumladan, bank tizimida yillik kreditlash hajmini 720 trillion so‘mga yetkazish, tijorat banklarida depozitlar qoldig‘ini 560 trillion so‘mgacha oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, davlat banklari aktivlarining umumiy bank tizimidagi ulushini 55 foizgacha kamaytirish maqsadi qo‘yilgan.
Islohotlar doirasida moliyaviy mahsulotlar turini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, islomiy moliya xizmatlari uchun huquqiy asos yaratish hamda kamida 3 ta tijorat bankida islomiy moliya mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu orqali moliya bozorida yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishi va aholi hamda biznes uchun tanlov kengayishi kutilmoqda.
Umuman olganda, strategiyada nazarda tutilgan chora-tadbirlar bank tizimini modernizatsiya qilish, xususiy kapitalni keng jalb etish, davlat ishtirokini qisqartirish va mamlakat moliya sohasini barqaror hamda raqobatbardosh darajaga olib chiqishga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.