23:35 / 16.02.2017
4 384

Bugun foydasi tegmaydigan hech bo‘lmasa zarar bermasin!

Bugun foydasi tegmaydigan hech bo‘lmasa zarar bermasin!

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti, rahmatli Islom Karimovning prezidentlik davri so‘nggi yillarida O‘zbekistonga qaratilgan axborot xurujlari o‘ta keskin tus olgandi. It ham, bit ham xorijdan turvolib Karimov haqida ikki enlik salbiy material bitib, o‘zini “buyuk narsani kallaga urganday” his etardi. O‘zbekistonning tashqi mustaqil siyosati ko‘p davlatlarning manfaatiga zid kelgani bois, dunyo ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston imijini qoralash bilan katta-katta tashkilotlar shug‘ullanib keldi, deb yozadi Vodiymedia.uz.

Bu turdagi materiallarda Islom Karimovga “zolim hukmdor” obrazini yopishtirishga, O‘zbekistonda xalq “ezilib yashayotganiga” dunyoni ishontirishga urinildi. Barcha ob’ektiv-sub’ektiv muammolarning sababchisi o‘laroq rahmatli Yurtboshimiz ko‘rsatib kelindi. Chunki, dunyoning ko‘plab burchaklarida “tashqi xolis do‘stlar”ning yordami bilan, ularning manfaatlariga mos ish olib bormagan hukumatlarni ag‘darish uchun amalga oshirilgan “rangli inqiloblar”ga qonuniylik tusi berish uchun, jahon ommasi oldida o‘z jinoyatlarini, fitnalarini xaspo‘shlash uchun aynan “adolatsiz shoh zulmidan ezilgan omma” roli kerak bo‘ldi. O‘zbekistonda ham agar davlatning qat’iyati, xavfsizlik va huquq-tartibot xizmatlarining faolligi bo‘lmaganda, allaqachon “Maydonlar” voqe’ bo‘lardi, buni bugun dunyodagi ko‘plab siyosatchilar tan olmoqda!

Karimovning vafoti aynan shu tashqi kuchlarning butun qilgan g‘arazli “mehnatlari”ni chippakka chiqardi. Shavkat Mirziyoyevning Prezident sifatida o‘rtaga chiqishi esa ularni yanada murakkab ahvolga soldi. Chunki, yangi Prezident avvalgi siyosatdan, tanlangan yo‘ldan voz kechmadi, bu bilan birga jamiyatni qayta isloh qilishga boshladi. Har bir soha birma-bir qo‘lga olinmoqda, kamchiliklar ro‘yi-rost aytilmoqda, qisqacha aytganda keng “perezagruzka” bormoqda. Davlatning bir idorasi boshiga o‘tirib olib, o‘z vazifasini yuqori instansiyaga quruq statistik ma’lumotlar berish-u, qonuniy hal etishi kerak bo‘lgan ishlar uchun ta’magirlik bilan kattagina pora olishdan iborat deb bilgan amaldorlarning eng pastdan eng yuqorisiga qadar dumi tugilmoqda. Xalq rahbarlar uchun emas, rahbarlar xalq uchun ishlaydi, degan tamoyil real hayotga tadbiq etilmoqda. Korrupsiyaga qarshi keng kurash boshlandi, virtual qabulxona, ortidan joylarda tashkil etilgan Xalq qabulxonalari insonlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri Davlat rahbariga o‘z dardini aytishga imkon berdi. Tasavvur qiling, Xalq qabulxonasiga borib, kresloda o‘tiribsiz, katta ekranda Prezident siz bilan jonli suhbatlashmoqda, arzingizni tinglab, chora topmoqda! Va bugun O‘zbekistonda bu – odatiy hol.

Xalq bilan, insonlar bilan hukumatning bunday keng muloqoti natijasida, avvallari ham davlatning siyosatini, olib borayotgan ishlarini ma’qullab kelgan, lekin shu bilan birga, davlat deganining ichida o‘zi ham borligiga to‘la ishonmagan fuqarolarda bugun dunyoqarash o‘zgarmoqda, o‘z haq-huquqining har joyda to‘la ta’minlanishiga bo‘lgan ishonch ortmoqda. Kunda yangi qaror, qolaversa qarorlar qog‘ozda qolmayapti, o‘sha kuniyoq amalga tadbiq etilmoqda.

O‘zbekistonda ba’zi masalalarda muammolar mavjudligini Prezident o‘zi baralla aytmoqda, kerakli choralar ko‘rmoqda. Lekin besh oyda O‘zbekistonda hamma narsani hal etishning imkoni faraziy holatda ham mumkin emasligini hammamiz yaxshi tushunamiz. Jamiyatimizning ichida ham bunday o‘zgarishlar sababli paytavasiga qurt tushganlar talaygina. Ba’zi eb yotishga o‘rganganlar uchun, davlatning ichiga kirib olgan harom qurtlar uchun xalq uchun ishlash, insonlarning qonuniy huquqlarini to‘la ta’minlab berish va buning uchun quruq rahmat bilan kifoyalanish og‘ir bo‘lishi tabiiy. Va albattaki, katta jamiyat aravasi tagiga tosh tiqib, o‘z “quyoshli” kunlarini uzaytirishga urinishlari turgan gap. Shuning uchun hamma bir tan, bir jon bo‘lib Mirziyoyevning yoniga kirmas ekan, islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi bugun istisnosiz har kimning qalbidan joy olmas ekan, bu islohotlar sekinlab boraveradi. Hamma deganda o‘zini O‘zbekistonga aloqador deb bilgan barchani nazarda tutmoqdaman, bu Namanganning chekka qishlog‘idagi fermer bo‘ladimi, Toshkentdagi vazirmi, oddiy maktab o‘qituvchisi bo‘ladimi, xorijga ketib qolgan “muhojirlar”mi, barcha-barcha bu ishda o‘ziga tushganini qilishi kerak. Qo‘lidan yordam berish kelgan yordamini ayamasdan, yordam berolmaydigan hech bo‘lmaganda zarar bermasdan bu jarayonda ishtirok etsin!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bugun foydasi tegmaydigan hech bo‘lmasa zarar bermasin!