Almazar tumanida tibbiyotga o‘nlab million dollar yo‘naltirildi Prezident tashrifi tafsilotlari

Prezident Shavkat Mirziyoyev Almazar tumaniga tashrif buyurib, yangi ko‘p tarmoqli Sinomed tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davlat rahbari o‘tgan yil 10 noyabrda bildirgan — sog‘liqni saqlashda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va uning imkoniyatlarini kengaytirish siyosatining amaliy davomi sifatida baholanmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Qayd etilishicha, hozir xususiy klinikalar mamlakatdagi tibbiy xizmatlarning qariyb 30 foizini ko‘rsatmoqda. Hukumat esa bu yo‘nalishda sharoitlarni yanada yaxshilab, xususiy muassasalar faoliyati ko‘lamini oshirishni maqsad qilgan.
Sinomed markazi 30 million dollarlik yirik loyiha bo‘lib, klinika zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Yuqori texnologiyali uskunalar Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya va Germaniyadan olib kelingan.
Markaz yiliga 4500 nafargacha bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Bu yerda jarrohlik, pediatriya, travmatologiya, ortopediya hamda endokrinologiya kabi yo‘nalishlarda tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Klinikada kadrlar salohiyatiga alohida e’tibor qaratilgan: 300 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan, shifokorlar soni 80 nafardan oshadi. Ulardan 60 dan ziyodi Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya, Hindiston va AQShning yetakchi klinikalarida o‘qish va amaliyot o‘tagan. Markazda xorijiy mutaxassislar ham faoliyat yuritib, xizmatlar xalqaro darajada yo‘lga qo‘yilgan.
Sinomedning o‘ziga xos jihatlaridan biri — Toshkentdagi ilk xususiy tug‘ruq majmuasi ishga tushirilganidir. U bir vaqtning o‘zida 30 nafar ayolni qabul qila oladi. Prezident homiladorlik bo‘yicha ro‘yxatga olishdan tortib, tug‘ruqdan keyingi parvarishgacha bo‘lgan kuzatuv tizimi bilan batafsil tanishdi.
Davlat rahbari sifatli prenatal nazorat ayollarni ortiqcha xavotirdan xalos etishi, sog‘lom onalik madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Markaz infratuzilmasida respublikadagi eng yirik xususiy emlash punkti hamda nodavlat sektordagi yagona ixtisoslashgan sterilizatsiya markazi ham mavjud. Aholiga qulaylik yaratish uchun koll-markazlar va uyga borib ko‘rikdan o‘tkazishga mo‘ljallangan mobil patronaj guruhlari yo‘lga qo‘yilgan.
Klinika rahbariyati kelgusida o‘rinlar sonini ko‘paytirish va bolalar uchun profilaktika dasturlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Jamoa bilan suhbatda prezident malakali shifokorlarning yurtga qaytishi va ular orqali ilg‘or tajriba hamda bilimlarning amaliyotga joriy etilishini islohotlarning eng muhim natijasi sifatida qayd etdi. Shuningdek, sog‘lom raqobatning ahamiyatiga urg‘u berib, xususiy markazlar ko‘payishi aholiga tanlov imkonini yaratishi, xizmatlar sifati va narxlar muvozanatini ta’minlashini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!