Yangi Toshkentda boylar shaharchasi qurilyaptimi: haqiqat ochiqlandi, rasmiy izoh

Ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi kunlarda Yangi Toshkentda 2030 yilga qadar topshirilishi rejalashtirilgan yirik mega loyiha doirasida oddiy ko‘p qavatli uylar va kottejlardan tashqari, har bir villasi 2–3 million dollarga baholanadigan “boylar shaharchasi” ham barpo etilayotgani haqida xabarlar keng tarqaldi.
Ushbu muhokamalarga oydinlik kiritish maqsadida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Yangi Toshkent loyihasida hech qanday alohida “boylar shaharchasi” qurilishi rejalashtirilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.
Qayd etilishicha, shahar qurilishining birinchi bosqich maketida aks etgan kottej tipidagi uylar kelgusida xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchilari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari uchun xizmat uy-joyi sifatida foydalanilishi ko‘zda tutilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, ayni paytda Yangi Toshkentni barpo etish ishlari birinchi bosqich doirasida jadal sur’atlarda davom etmoqda. Hozirgi kunda 6 ming gektar maydonda qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Rejaga muvofiq, 2033 yilga qadar mazkur hududda 600 ming aholi uchun mo‘ljallangan zamonaviy turar joylar, muhandislik tarmoqlari, yo‘l infratuzilmasi, ijtimoiy obyektlar hamda xizmat ko‘rsatish binolari bosqichma-bosqich barpo etiladi.
Loyiha to‘liq yakunlanganidan so‘ng esa Yangi Toshkent ikki million nafar aholi istiqomat qiladigan zamonaviy megapolisga aylanishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!