Agrar taʼlim tizimida yangi dual yondashuv joriy etildi

O‘zbekiston Prezidentining “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatda agrar sohada taʼlim jarayonlari tubdan yangilanish bosqichiga o‘tmoqda.
Yangi tizimga asosan, o‘quv jarayonida nazariy bilimlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘rtasidagi mutanosiblik bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqiladi. Dastlabki 1-kursda taʼlimning 60 foizi nazariy bilimlarga, 40 foizi esa amaliy ko‘nikmalarga yo‘naltiriladi. 2-kursda ushbu nisbat tenglashib, 50/50 shaklda tashkil etiladi.
3-kursga kelib esa ustuvorlik amaliy tayyorgarlikka beriladi — o‘quv jarayonining 70 foizi amaliyot, 30 foizi nazariy mashg‘ulotlardan iborat bo‘ladi. Bu esa talabalarning real ish muhitiga tezroq moslashishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yuqori kurs talabalarining kasbiy malakasini yana-da oshirish maqsadida 4 oylik uzluksiz dual taʼlim tizimi joriy etiladi. Ushbu davrda talabalar nazariy darslardan vaqtincha uzilib, to‘liq ravishda ishlab chiqarish korxonalari hamda sohaviy tashkilotlarda amaliyot o‘taydilar.
Mazkur islohotlar natijasida agrar sohada zamonaviy talablarga javob beradigan, raqobatbardosh va amaliyotga tayyor mutaxassislar tayyorlash sifati sezilarli darajada oshirilishi kutilmoqda.
Yangi yondashuv qishloq xo‘jaligi taʼlimida sifat va samaradorlikni yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!