MChJlar uchun yangi qonun korporativ tizimni yangilaydi

Oʻzbekistonda masʼuliyati cheklangan jamiyatlar (MCHJ) faoliyatini tartibga soluvchi yangi tahrirdagi qonun qabul qilinib, u rasmiy eʼlon qilingan sanadan uch oy oʻtgach kuchga kirishi belgilandi.
Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonun (OʻRQ–1137-son, 2026 yil 21 aprel) davlat rahbari tomonidan imzolangan. Hujjat sohada uzoq vaqtdan buyon kutilayotgan islohotlarning amaliy bosqichini boshlab beradi.
Qonunga muvofiq, MCHJlar faoliyatida zamonaviy korporativ boshqaruv tamoyillari joriy etiladi, mavjud huquqiy boʻshliqlar bosqichma-bosqich bartaraf etiladi hamda ishtirokchilarning huquq va kafolatlari sezilarli darajada mustahkamlanadi.
Hujjat 71 ta moddadan iborat boʻlib, uni ishlab chiqishda mahalliy va xorijiy ekspertlar takliflari, jamoatchilik fikrlari hamda xalqaro ilgʻor tajribalar keng inobatga olingan.
Yangiliklar qatorida kuzatuv kengashining vakolatlari aniq va batafsil tartibga solinadi, aʼzolarni saylash mexanizmi shaffoflashtiriladi. Shuningdek, kengash qarorlarini masofadan va sirtdan ovoz berish orqali qabul qilish imkoniyati ham kiritilmoqda.
Yana bir muhim oʻzgarish — kuzatuv kengashi aʼzolari hamda ijro organlari uchun fidutsiar majburiyatlar joriy etilishi boʻlib, bu ularning javobgarligi va shaffofligini oshiradi.
Qonunga koʻra, endilikda MCHJlar faqat lisenziya asosida emas, balki ayrim hollarda ruxsat etuvchi hujjatlar yoki xabar berish tartibi orqali ham faoliyat yuritishi mumkin boʻladi.
Shuningdek, jamiyatlarning filial va vakolatxonalarini tashkil etish, shuʼba va qaram korxonalarni ochish tartibi ilk bor alohida huquqiy norma sifatida mustahkamlab qoʻyilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!