Qimmatbaho toshlar va metallar boʻyicha yangi qatʼiy qonun qabul qilindi

Foto: DALL-E
Oʻzbekistonda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni noqonuniy ravishda olish yoki ularni oʻtkazish holatlari uchun maʼmuriy hamda jinoyiy javobgarlik belgilandi.
Yangi qonun (OʻRQ–1138-son, 2026 yil 21 aprel) qabul qilinib, bir qator amaldagi qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangiliklarga koʻra, qimmatbaho metallar va (yoki) qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritish yoki sotish, agar bu harakatlar uchun avval maʼmuriy jazo qoʻllanilgan boʻlsa, jinoyiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining VIII boʻlimida “qimmatbaho metallar” hamda “qimmatbaho toshlar” tushunchalarining huquqiy taʼrifi rasman kiritildi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiq esa, bunday qonunbuzarliklar aniqlansa, predmetlar musodara qilinadi hamda 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilishi mumkin.
Maʼmuriy qamoq qoʻllash mumkin boʻlmagan shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobaridan 20 barobarigacha miqdorda jarima belgilanadi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!