O‘zbekiston Chexiyadan zamonaviy elektropoyezdlar xarid qilishga kelishdi

O‘zbekiston temiryo‘l sohasini modernizatsiya qilish yo‘lida yana bir muhim qadam tashladi. Chexiyaning yirik sanoat kompaniyasi Škoda Group bilan 10 ta zamonaviy elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha strategik kelishuv imzolandi.
Mazkur bitim haqida kompaniyaning rasmiy sahifalari orqali ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, loyiha umumiy qiymati 120 million yevroni tashkil etib, u nafaqat poyezdlarni yetkazib berish, balki ularni mahalliylashtirish va servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni ham o‘z ichiga oladi.
Kelishuv Chexiya hukumati delegatsiyasining Toshkentga tashrifi doirasida rasmiylashtirilgan. Bu hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va transport sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Kompaniya rahbari Petr Novotniy ushbu loyiha O‘zbekiston transport tizimi uchun yangi bosqich bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan poyezdlar yuqori qulaylik, xavfsizlik va samaradorlikni ta’minlaydi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonga yetkazib beriladigan yangi avlod elektropoyezdlari Yevropaning Latviya va Estoniya davlatlarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan platformalar asosida ishlab chiqilgan. Bu esa ularning ishonchliligi va zamonaviy standartlarga to‘liq javob berishini anglatadi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur loyiha yo‘lovchi tashish sifatini oshirish, temiryo‘l infratuzilmasini yangilash hamda mamlakatda ekologik toza transport vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!