O‘zbekiston eksporti keskin qisqardi, import esa sezilarli oshdi

Joriy yilning dastlabki choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo ko‘rsatkichlarida qarama-qarshi tendensiyalar kuzatildi. Ya’ni umumiy savdo aylanmasi oshgan bo‘lsa-da, eksport hajmi sezilarli darajada kamaygani qayd etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan rasmiy hisobotda ma’lum qilindi.
Keltirilishicha, 2026 yilning yanvar-mart oylarida mamlakatning tashqi savdo aylanmasi 18 milliard AQSH dollariga yetgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 471 million dollarga yoki 2,7 foizga oshgan. Biroq umumiy o‘sishga qaramay, eksport ko‘rsatkichlarida jiddiy pasayish kuzatilgan.
Xususan, hisobot davrida eksport hajmi 5 milliard 809,2 million AQSH dollarini tashkil etib, bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 29,3 foizga kamayganini anglatadi. Mutaxassislar buni tashqi bozorlardagi talab o‘zgarishi, global iqtisodiy vaziyat hamda ayrim asosiy eksport mahsulotlari narxining pasayishi bilan izohlashmoqda.
Eksport geografiyasiga nazar tashlansa, asosiy savdo hamkorlari sifatida Rossiya (18,1 foiz), Xitoy (11 foiz) va Afg‘oniston (7,6 foiz) yetakchilik qilmoqda. Umuman olganda, O‘zbekiston bugungi kunda dunyoning 170 dan ortiq davlati bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Tashqi savdo aylanmasining umumiy ulushida esa Xitoy (25,6 foiz), Rossiya Federatsiyasi (18,2 foiz), Qozog‘iston (7,2 foiz), Turkiya (3,6 foiz) hamda Afg‘oniston (2,8 foiz) eng katta ulushga ega davlatlar sifatida qayd etilgan.
Eksport tarkibida tovarlar ulushi 59,9 foizni tashkil etib, bunda sanoat mahsulotlari (17,8 foiz), kimyo sanoati mahsulotlari (10,6 foiz), oziq-ovqat va tirik hayvonlar (9,2 foiz), shuningdek, turli tayyor mahsulotlar (9,2 foiz) salmoqli o‘rinni egallagan. Shu bilan birga, meva-sabzavot eksporti ijobiy dinamika ko‘rsatib, 10 foizga yoki 30,9 ming tonnaga oshgani e’tiborga molik.
Import ko‘rsatkichlari esa aksincha, keskin o‘sishni namoyon qilgan. Hisobotga ko‘ra, import hajmi 12 milliard 213,8 million AQSH dollariga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30,8 foizga oshgan. Bu esa mamlakat ichki bozorida xorijiy mahsulotlarga bo‘lgan talab yuqori ekanidan dalolat beradi.
Import yo‘nalishida asosiy hamkorlar sifatida Xitoy (32,5 foiz), Rossiya (18,3 foiz) va Qozog‘iston (8,4 foiz) ajralib turadi. Ushbu davlatlar hissasiga jami importning 70 foizdan ortig‘i to‘g‘ri kelmoqda.
Mutaxassislar fikricha, eksport hajmining kamayishi va importning ortishi tashqi savdo balansiga bosim o‘tkazishi mumkin. Shu bois kelgusi davrda eksportni rag‘batlantirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!