10:15 / 15.04.2017
7 441

O‘zbekiston va Xitoy yangi logistika markazlari ochishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston va Xitoy yangi logistika markazlari ochishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston va Xitoy ikkala davlat chegaralarida yangi logistika markazlari ochish imkoniyatini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Toshkentda o‘tayotgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida ma’lum qildi, deb yozmoqda Kun.uz nashri.

"Ichki temir yo‘llarning jadal rivojlanishi tufayli bizda Xitoy temir yo‘llari bilan bog‘lanish imkoniyati paydo bo‘ldi. O‘tgan haftada O‘zbekiston delegasiyasi Xitoyda bo‘ldi va u erda ikki davlat chegarasida hozircha avtomobil, kelajakda esa temir yo‘l transporti logistika markazlari yaratishni muhokama qildi", deb ta’kidlab o‘tdi Safoyev.

Safoyevning aytishicha, Transkavkaz avtomagistralidan foydalanish va Ruminiya, Bolgariya, Rossiya portlariga chiqish masalalari bo‘yicha ozarboyjonlik va gruziyalik hamkorlar bilan muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazilgan. Shu tariqa O‘zbekiston eng muhim hamkorlar bilan qisqa yo‘llar orqali savdo-sotiq olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

"6 mart kuni O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga tashrifi vaqtida bo‘lib o‘tgan voqeani eslab o‘tmaslik mumkin emas, o‘shanda Amudaryo orqali Turkmanobod-Farob temir yo‘l va avtomobil ko‘priklari ochildi. Bu ko‘priklar Turkmanistonning tranzit yo‘llaridan o‘tuvchi yuk oqimlari hajmini bir necha marotaba oshirishga imkon beradi va Kaspiy, Qora va O‘rta er dengizlari, Evropa, Kavkazorti, Yaqin va O‘rta Sharq davlatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishga yo‘l ochadi", deb qo‘shimcha qildi Safoyev.

Bugungi kunda transport oqimlari yuqori daromadli tovar hisoblanadi. O‘zbekistonning tranzit salohiyatidan foydalanish valyuta tushumlarining asosiy manbalaridan biriga aylanishi va O‘zbekistonni transport xabiga aylantirishi mumkin. Bu nafaqat iqtisodiy o‘sishni tezlashtiradi, balki O‘zbekistonning jahon sahnasidagi geosiyosiy mavqeini mustahkamlashga ko‘mak beradi.

"Ishonamanki, bugungi kunda transport sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish zaruriyati vujudga keldi, bu O‘zbekistonni Evrosiyoning muhim transport tuguniga va Buyuk Ipak yo‘lini yangi shaklda tiklashda muhim bo‘g‘inga aylantirish bo‘yicha huquqiy va institusional masalalarni hal qilishga imkon beradi", deb o‘z fikrini xulosaladi siyosatchi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston va Xitoy yangi logistika markazlari ochishni rejalashtirmoqda