My.gov.uz orqali xalqaro jo‘natmalar nazorati yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekistonda fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini nazorat qilish va shaxsan tasdiqlash imkoniyati ishga tushirildi. Endilikda har bir fuqaro my.gov.uz portali orqali o‘z nomiga kelayotgan jo‘natmalarni real vaqt rejimida kuzatishi va ularni verifikatsiya qilishi mumkin.
Yangi tizimga ko‘ra, fuqaro nomiga xalqaro jo‘natma kelib tushganda, uning my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetiga push-bildirishnoma yuboriladi. Agar foydalanuvchi ushbu buyurtmani haqiqatan ham bergan bo‘lsa, jo‘natmani tasdiqlaydi. Agar ma’lumotlarda xatolik bo‘lsa yoki jo‘natma umuman buyurtma qilinmagan bo‘lsa, uni rad etish imkoniyati mavjud.
Xizmat orqali jo‘natma haqidagi asosiy ma’lumotlarni — vazni, narxi va tarkibini tekshirish mumkin. Shuningdek, har bir jo‘natma uchun “Tasdiqlash” yoki “Rad etish” tugmalari orqali tezkor qaror qabul qilinadi. Bu fuqarolarning pasport ma’lumotlaridan uchinchi shaxslar noqonuniy foydalanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Yangi imkoniyat bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishi, yuklarni qabul qilishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarni kamaytirishi va fuqarolarni begona jo‘natmalardan himoya qilishi kutilmoqda. Xizmat my.gov.uz portalidagi “Bojxona” bo‘limi orqali foydalanish uchun taqdim etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!