Jazirama kuchaydi: Surxondaryoda yuk mashinalari harakati cheklandi

Surxondaryo viloyatida kuzatilayotgan kuchli issiqlar sabab og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtincha cheklov joriy etildi. Bu haqda viloyat hokimligi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, qaror avtomobil yo‘llari qoplamasini saqlab qolish, ularning muddatidan oldin shikastlanishi va deformatsiyaga uchrashining oldini olish maqsadida qabul qilingan.
Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda kunduzi havo harorati 42–44 darajagacha, ayrim hududlarda esa bundan ham yuqori ko‘rsatkichlarga yetishi kuzatilmoqda. Bunday sharoitda asfalt qoplamasi harorati 70–80 darajagacha qizib, uning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi. Natijada og‘ir yuk mashinalari harakati yo‘l yuzasida g‘ildirak izlari, deformatsiya va boshqa texnik nuqsonlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu munosabat bilan, “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi hamda “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga muvofiq, Termiz shahri, tuman markazlari va ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi.
Hokimlik yuk tashuvchi korxonalar va haydovchilardan belgilangan cheklovlarga qat’iy amal qilish, yuk tashish jadvalini ushbu tartibdan kelib chiqqan holda rejalashtirishni so‘radi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur choralar yo‘llarning texnik holatini saqlash va kelgusida qimmat ta’mirlash ishlarining oldini olishga xizmat qiladi.






























Izohlar 0
…