Ochlikning 17-kuni: Mashhur faol ta’lim vazirini iste’foga chaqirdi

Hindistonlik taniqli jamoat faoli va muhandis Sonam Vangchuk Dehli markazida ochlik aksiyasini boshlaganiga 17 kun bo‘ldi. Uning sog‘lig‘i tobora og‘irlashayotgani aytilmoqda. Faol mamlakat ta’lim vaziri Dharmendra Pradhanning iste’fosini talab qilmoqda. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Vangchuk may oyida yuz bergan imtihon savollari sizib chiqishi mojarosidan keyin norozilikka chiqqan yoshlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ushbu voqea millionlab talabalarga ta’sir qilgan va bosh vazir Narendra Modi hukumatiga qarshi e’tirozlarni kuchaytirgan.
Norozilik aksiyasini 30 yoshli Abhijit Dipke asos solgan Cockroach Janta Party (CJP) — “Suvaraklar xalq partiyasi” tashkil qilmoqda. Harakat Instagram'da tez ommalashib, bir necha kun ichida 22 million obunachi to‘plagan.
59 yoshli Vangchuk Dehlidagi Jantar Mantar maydonida ochlikni davom ettirmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, u hatto gapirishga ham juda ojiz. CJP bildirishicha, 14 iyul holatiga u 8,5 kilogramm vazn yo‘qotgan. 13 iyul kuni esa aksiya ishtirokchilaridan biri hushidan ketib, shifoxonaga olib ketilgan.
Vazir Dharmendra Pradhan va hukumat rasmiylari hozircha bu masala yuzasidan izoh bermagan.
Sonam Vangchuk o‘z vaqtida mashhur Bollivud filmi qahramoni obraziga ilhom bergan muhandis sifatida ham tanilgan. Muxolifat yetakchilari uning hayoti xavf ostida ekanini ta’kidlab, ochlik aksiyasini to‘xtatishga chaqirmoqda.
Noroziliklarga yana bir asos — yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik va imtihonlardagi qonunbuzarliklar bo‘ldi. Imtihon savollari internetga tarqalganidan so‘ng 2,3 million nafar abituriyent qatnashgan tibbiyot kollejiga qabul imtihonlari bekor qilinib, keyinchalik qayta o‘tkazilgan.






























Izohlar 0
…