Toshkent havosi nega ifloslanmoqda va chang qachon tarqaladi?

Toshkent havosi nega ifloslanmoqda va chang qachon tarqaladi?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Toshkent shahrida kuzatilayotgan havo ifloslanishiga yog‘ingarchilikning kamligi, noqulay meteorologik sharoitlar va atmosfera havosining tabiiy almashinuvidagi o‘zgarishlar sabab bo‘lmoqda.
  • Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattarovning qayd etishicha, oktyabr oyida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan qariyb olti baravar kam bo‘lib, bu chang zarralarining atmosferada to‘planishiga olib keldi.

O‘zbekistonda, xususan, Toshkent shahrida kuzatilayotgan havo ifloslanishiga noqulay meteorologik sharoitlar va tabiiy omillar ham sabab bo‘lmoqda. Yog‘ingarchilikning kamligi, shamol va atmosfera havosining tabiiy almashinuvidagi o‘zgarishlar havo sifatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattarov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yil oktyabr oyining 26-kuniga qadar Toshkent shahrida atigi 3,9 millimetr yog‘ingarchilik kuzatilgan. Oylik me’yor esa 23,7 millimetrni tashkil etadi. Demak, yog‘ingarchilik miqdori me’yordan qariyb olti baravar kam bo‘lgan. Bu esa havodagi chang zarralarining yog‘in orqali yuvilib ketishini qiyinlashtirib, ularning atmosferada to‘planishiga sharoit yaratadi.

Noqulay ob-havo sharoitlari 57 foizga ko‘paygan

Ilmiy kuzatuvlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda atmosfera havosining tabiiy almashinuvi bilan bog‘liq jarayonlarda o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, sovuq yarim yillikda kuchli shamol va yog‘ingarchilik kamligi bilan bog‘liq noqulay meteorologik sharoitlar oldingi yillarga nisbatan 57 foizga ko‘paygan. Bunday holatlar havoning tabiiy ravishda tozalanishini qiyinlashtirishi mumkin.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi havo sifatidagi o‘zgarishlarni monitoring stansiyalari va sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatib bormoqda. Oktyabr oyining 1–26-kunlari bo‘yicha SILAM modeli asosida olingan ma’lumotlar AQI havo sifati indeksi bilan taqqoslangan.

Tahlillar chang massalari Toshkent va unga tutash hududlarga kirib kelgan vaqtda havo sifati indeksi ham ko‘tarilganini ko‘rsatgan. Masalan, oktyabr oyining 4–5-kunlarida yog‘ingarchilik kuzatilib, AQI indeksi 66–71 darajada bo‘lgan. Keyingi kunlarda esa yog‘ingarchilikning kamligi va chang to‘planishi fonida havo sifati yomonlashgan.

Toshkent va qo‘shni viloyatlarda chang massalari kuzatilgan

Yevropaning EUMETSAT platformasi va Meteosat sun’iy yo‘ldoshidan olingan tasvirlarda 25–26 oktyabr kunlari Toshkent shahri hamda uning atrofida yirik chang massalari qayd etilgan. Ushbu jarayon Toshkent shahri va viloyatini, shuningdek, qisman Sirdaryo va Jizzax viloyatlarini qamrab olgan.

Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, chang massalarining ta’siri va havo ifloslanishi bilan bog‘liq noqulay sharoitlar kelgusi haftaning boshigacha davom etishi mumkin.

Xabarda ta’kidlanishicha, havo sifatini to‘g‘ri baholash uchun meteorologik sharoitlar, chang massalarining harakati va monitoring ma’lumotlarini birgalikda tahlil qilish muhim. Demak, Toshkentdagi havo ifloslanishiga nafaqat chang, balki yog‘ingarchilikning kamligi va atmosferaning tabiiy almashinuvidagi o‘zgarishlar ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar